Xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini taʼminlash yuzasidan izchil saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Har yili qabul qilinayotgan davlat dasturlarida ayollar huquqlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini mustahkamlash hamda aholining gender tenglik boʻyicha xabardorligini oshirishga qaratilgan ustuvor chora-tadbirlar belgilanib, izchil amalga oshirib kelinmoqda.
2022-yil 25-mart kuni Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazida boʻlib oʻtgan davra suhbatida shu haqda soʻz bordi. Oflayn va onlayn tarzda oʻtkazilgan ushbu tadbir Amerika Qoʻshma Shtatlari Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov gender tenglik qonunchiligini takomillashtirish borasidagi milliy amaliyot va xorijiy tajribaning ilgʻor jihatlari haqida atroflicha toʻxtaldi. Bu borada alohida huquqiy toʻplam va qoʻllanmalar tayyorlash hamda nashr etish takliflarini ilgari surdi.
Davra suhbatida Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ushbu yoʻnalishdagi qonunchilikdagi oʻzgarishlar hamda xalqaro tajriba va amaliyot tahlil qilindi. Gender tenglik sohasidagi kamsitishlar va ayollar huquqlarining buzilishi masalalari, sohani tartibga soluvchi qonunchilik bazasi hamda Oʻzbekistonda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish borasidagi qonunchilik holati, uni takomillashtirish bilan bogʻliq muammolarning yechimlari alohida muhokama mavzusiga aylandi.
Shuningdek, “Oila va xotin-kizlar” ilmiy-tadqiqot instituti va Yuristlar malakasini oshirish markazi ekspertlari tomonidan davra suhbati ishtirokchilariga “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarning mazmun-mohiyati haqida tushuncha berildi. Ayollar uchun munosib ish va turmush sharoitini yaratish, ularni ijtimoiy himoyalash, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy faolligini oshirish, mamlakat hayotidagi oʻrni va nufuzini yanada mustahkamlash, davlat boshqaruvida ayollar hisobiga rahbar kadrlar safini kengaytirish, xotin-qizlarni jamiyatning faol qatlamiga aylantirishga doir masalalar atroflicha koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, tadbirda USAIDning “Huquqiy islohotlar dasturi” doirasida gender tenglikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Dastur mutaxassislari tomonidan ishtirokchilar uchun gender taʼlimning dolzarbligi, gender yondashuv borasida samarali ish olib borish saboqlari boʻyicha fikrlar bildirildi.
Maʼlumot uchun: USAIDning “Huquqiy islohotlar dasturi” Oʻzbekistonda qonun ustuvorligini yanada rivojlantirish, huquqshunos mutaxassislar va oʻquv muassasalarining salohiyatini oshirish, fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish imkonini kengaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati uchun huquqiy muhitni takomillashtirish, gender tenglikni ragʻbatlantirish va yanada qulay investitsiya muhitini yaratish borasidagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. USAID ushbu maqsadlarga erishish yoʻlida Adliya vazirligi, Advokatlar palatasi, Bosh prokuratura Akademiyasi, Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari va fuqarolik jamiyatining asosiy ishtirokchilari bilan hamkorlik qiladi.
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati