Mamlakatimizda aniq va tabiiy fanlarga qaratilayotgan e'tibor samarasi o'tayotgan haftada O'zbekiston yoshlari erishgan yutuqlar timsolida yana bir karra o'z isbotini topdi. YUrtimiz vakillari nufuzli musobaqalar sirasiga kiruvchi Xalqaro matematika (IMO), Xalqaro biologiya (IBO), Xalqaro fizika (IPhO) olimpiadalarida munosib ishtirok etib, sovrinli o'rinlarni egalladi.
Besh yillik tanaffusdan so'ng
Matematika chuqur mantiqiy tafakkurni talab etuvchi fan sifatida yaxshi ma'lum. SHu bois, 62-xalqaro matematika olimpiadasi terma jamoasini shakllantirish jarayonida eng iqtidorli yoshlar saralab olindi.
SHu yilning 14-24 iyul` kunlari Rossiya Federatsiyasi tomonidan o'tkazilgan bu yilgi bellashuvda dunyoning 110 davlatidan 623 nafar o'quvchi ishtirok etdi. Unda 6 nafar yurtdoshimiz Vatanimiz sharafini himoya qildi. Onlayn o'tkazilgan musobaqa yakunida Buxoro viloyatidagi 5-IDUM o'quvchisi Diyorbek Tolipov kumush, Buxoro viloyatidagi Xalqaro matematika maktabi o'quvchisi Olimjon Olimov bronza medalga munosib topildi.
— So'nggi besh yilda birorta ishtirokchimiz sovrinli o'rinni qo'lga kiritmagan edi, — deydi terma jamoa rahbari, V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti professori Nosir G'anixojaev. — SHu bois, bir necha bosqichli saralash jarayonidan so'ng olti nafar o'quvchini tanlab, bir oydan ziyod shug'ullandik. Oldingi olimpiadalarda qatnashib, bilimi chiniqqan yigitqizlardan iborat jamoa tuzildi. Ular orttirgan tajribasi bilan bu yilgi ishtirokchilarni tayyorlashda faol qatnashdi. Nihoyat, bir muddatlik tanaffusdan so'ng vakillarimiz yaxshi natija bilan barchamizni xursand qildi. Musobaqa oltin medaliga da'vogarlik chegarasi 24 ball edi. Kumush medal` olgan vakilimiz 21 ball jamg'ardi. Oltin medalga boryo'g'i 3 ball etmay qoldi. YOshlarimizning bu yilgi g'alabasida Prezidentimizning aniq fanlarni o'qitishga e'tibori yaqqol sezildi. Kelgusi yilda bu ko'rsatkichlar salmog'i yanada oshishi shubhasiz.
Ikkita oltin — tarixda birinchi marta
SHu yilning 18-23 iyul` kunlari Portugaliya davlati tomonidan tashkil etilgan 32-xalqaro biologiya olimpiadasida dunyoning 76 davlatidan 304 nafar iqtidorli o'quvchi ishtirok etdi. Ular safida 4 nafar vakilimiz ham munosib qatnashib, mamlakatimiz tarixida birinchi marta ikki oltin, bir kumush medalni qo'lga kiritdi. Jumladan, Jizzax davlat pedagogika instituti akademik litseyi o'quvchisi Humoyun Norbekov va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi o'quvchisi Aziza Abduvalieva oltin, Navoiy viloyatidagi 11-IDUM o'quvchisi YOrqinbek Turdiboev kumush medal` sohibi bo'ldi.
— Ilgari viloyat miqyosidagi fan musobaqalarida qatnashib, sovrindorlar qatoridan joy olganman. Akademik litseyga o'qishga kirgach, bilimimni oshirish imkoniyati paydo bo'ldi. Barcha shartsharoitlarga ega ta'lim muassasasida tajribali o'qituvchilar, qolaversa, xorijdan jalb etilgan mutaxassislar ko'magida bilimimni yanada boyitishga harakat qildim. Mamlakatimizda ta'limga qaratilgan e'tibor tufayli nufuzli xalqaro olimpiadada birinchi o'rinni egalladim, — deydi Aziza Abduvalieva. — Albatta, bu men erishgan oxirgi g'alaba bo'lib qolmaydi. Kelgusida yana qator xalqaro darajadagi fan bellashuvlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, terma jamoamizning oltin medallar jamg'armasini boyitishimga ishonaman.
Fizikadan ham natija ijobiy
Joriy yil 17-24 iyul` kunlari Litvada o'tkazilgan 51-xalqaro fizika olimpiadasida ham vakillarimiz sovrinli o'rinlardan joy oldi. Bellashuvda dunyoning 73 davlatidan 365 nafar ishtirokchi qatnashdi. 19 iyul` kuni olimpiadaning amaliy qismida ishtirokchilar 2 ta topshiriqni bajardi. 21 iyul` kuni esa, nazariy bosqichda 3 ta masalaning echimini topish vazifasi berildi. YAkuniy natijalarga ko'ra, Toshkent shahridagi 71-maktab o'quvchisi Rail Xashaev bronza medalni qo'lga kiritdi. Oldinda yurtdoshlarimizni yana bir muhim voqea kutib turibdi.
SHu hafta mamlakatimiz terma jamoasi Xalqaro kimyo olimpiadasida qatnashadi. Ishonamizki, yurtimiz yosh kimyogarlari ham nufuzli bellashuvda bilimi va salohiyatini namoyish etib, ulug' bobolarga munosib izdosh ekanini isbotlaydi.