Majlisda mazkur Qonun jamoatchilikning taklif va fikr-mulohazalari inobatga olingan holda ishlab chiqilganligi alohida qayd etildi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslar, shu jumladan jamoat va davlat arboblarining xotirasini abadiylashtirish maqsadida ularning nomini geografik obyektlarga berish tartibi qonunchilikda aniq tartibga solinmagan.
Shu sababli amaliyotda geografik obyektlar (koʻcha, mahalla, maydon, bogʻ va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlari)ga shaxs nomini berishda turli muammolar yuzaga kelyapti.
Bundan tashqari, “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunda geografik obyektlarga nom berishda mahalliy aholining fikrini hisobga olish belgilangan.
Biroq, amaldagi qonunchilikda aholining fikrini hisobga olish tartibi ochib berilmagan. Shuningdek, aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar, xiyobonlarga) Oʻzbekiston va jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish tartibi aniq belgilanmagan.
Geografik obyektlarga shaxslarning nomini berishda esa ularni tanlashda talablar mavjud emas. Ushbu holatlar geografik obyektlarning nomlari qayta-qayta oʻzgartirilishiga sabab boʻlyapti.
Qonun 4 ta moddadan iborat boʻlib, “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 6 ta moddasiga oʻzgartirishlar kiritilyapti.
Qonunning qabul qilinishi natijasida Oʻzbekiston tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslar, shu jumladan, jamoat va davlat arboblarining xotirasini abadiylashtirish maqsadida ularning nomini geografik obyektlarga berishda kelib chiqayotgan turli muammolar bartaraf etiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.