Samimiy va doʻstona ruhda boʻlib oʻtgan suhbat jarayonida yoshlarni qishloq xoʻjaligi tarmoqlari boʻyicha tadbirkorlikka jalb etish, ularning gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, kreditlash, bank bilan hamkorlikda ishlash va biznes yuritishning istiqbolli yoʻllari kabi oʻndan ortiq masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda Matxias Vangler Germaniya Federatsiyasining 200-yillik tajribaga ega Sparkassenstiftung bankining faoliyati haqida maʼlumot berdi.
Xususan, mazkur nufuzli bank Germaniyaning ko‘p yillik moliyaviy tashkiloti bo‘lib, dunyo bo‘ylab uning 12 mingta filiali faoliyat yuritadi.
Bankning uzoq muddatli ekspertlari O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Yoshlar ishlari agentligi, «Agrobank» ATB, Xalq banki, «Mikrokreditbank» ATB bilan hamkorlik qilib, mamlakatimizda moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishni taklif etish orqali agrar sektorni mustahkamlash va qishloq hududlarini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyiha doirasida faoliyat olib boradi.
Suhbat davomida yosh tadbirkorlar faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan seminar-treninglar tashkil etish, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelgusi rejalar belgilab olindi, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.