Germaniya bilan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari importi boʻyicha kelishildi

    Agrosektor 20 Iyul 2022 1873

    Joriy yil 19-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligida Germaniyaning “Mangold Consulting” kompaniyasi rahbari professor Dr.Klaus Mangold bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Qishloq xoʻjaligi vazir oʻrinbosari Qahramon Yuldashev ishtirok etgan ushbu tadbirda agrar va oziq-ovqat xavfsizligining hozirgi kundagi dolzarbligi va bu sohalarda mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻzaro aloqalarni rivojlantirish lozimligiga toʻxtalib oʻtildi.

    Shuningdek, tadbir davomida butun dunyoda sifatli meva va sabzavotlariga talab yuqoriligi taʼkidlandi. Xususan, “Landgard AG” kompaniyasi tomonidan import qilinadigan— qovun, tarvuz, pomidor, oʻrik, mango va avokadolar talabgor mahsulotlar hisoblanadi.

    Oʻzbekiston vakillari tomonidan qishloq xoʻjaligi sohasida erishilgan yutuqlar hamda kelgusidagi rejalar boʻyicha maʼlumotlar berildi. Mehmonlarga keyingi yil yanvar oyida boʻlib oʻtadigan “Yashil haftalik—2023” koʻrgazmasida qatnashish taklifi bildirildi.

    Muloqot yakunida ikki tomon kelgusidagi rejalarga toʻxtalib, koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishib oldi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.