Malakali tibbiy xizmat koʻrsatish menejmentiga bagʻishlangan ushbu tadbirda dastlab Germaniyaning Gamburg harbiy gospitali boʻlim boshligʻi tibbiy xizmat katta leytenanti Florian Vogel, Berlin harbiy gospitali boʻlim boshligʻi Heike Losen Germaniyada harbiy xizmatchilarga tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyatlari va oʻziga xosliklari haqida maʼlumot berdi.

Maʼruzachilar oʻz taqdimotida dala sharoitida harbiy xizmatchilarga tez tibbiy yordam koʻrsatish, tor ixtisosliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish tartib-taomillarini namoyish etdi.

– Ushbu hamkorlikdan koʻzlangan maqsad ikki davlat harbiy shifokorlari oʻrtasida harbiy tibbiyot yoʻnalishidagi soʻnggi yangiliklar bilan oʻrtoqlashish, ilgʻor tajriba va fikr almashishdan iborat, – deydi tibbiy xizmat katta leytenanti Florian Vogel. – Mamlakatimizdagi harbiy gospitallar unga yaqin hududdagi shifoxonalar bilan uzviy aloqa oʻrnatgan. Suv osti, quruqlikdagi va Harbiy havo kuchlari shaxsiy tarkibi uchun alohida tibbiy xizmat koʻrsatiladi. Oʻz navbatida, harbiy tibbiyot xodimlari parashyutdan sakrash kabi sinovlardan oʻtkaziladi. Yurtingizdagi zamonaviy, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlgan harbiy klinik gospital faoliyati bizda katta taassurot qoldirdi. Ishonamanki, sohadagi xalqaro hamkorlik kelgusida oʻzining istiqbolli natijalarini beradi.

Leytenant Dilshod Roʻziqulov,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy

kommunikatsiyalar departamenti.