Germaniya ikki kun ichida chegarada ushlangan noqonuniy migrantlarning 78 foizini deportatsiya qildi

    Shu yilning 7-maydan boshlab Germaniya IIV chegara nazoratini sezilarli darajada kuchaytirdi — keyingi ikki kun ichida federal politsiya 365 nafar noqonuniy muhojirni hibsga oldi, deb xabar beradi DW.

    Ularning 286 nafari yoki 78,3 foizi deportatsiya qilingan. Bu haqda 11-may kuni Bild gazetasi politsiya maʼlumotlariga tayanib xabar berdi. Kirishni rad etishning asosiy sabablari vizaning yoʻqligi, soxta hujjatlar yoki kirishga ruxsat berilmaganlik holati edi.

    Gazetaning yozishicha, 8-9-may kunlari chegarada qoʻlga olingan muhojirlardan 23 nafari qochqin maqomini soʻrab murojaat qilgan. Biroq ularning 19 nafari baribir deportatsiya qilingan, faqat toʻrt nafariga mamlakatga kirishga ruxsat berilgan. Shu ikki kun davomida 14 kishi — noqonuniy migratsiya tashkilotchisi va 9 nafari ekstremizm va islomga aloqadorlikda gumon qilinib hibsga olingan.

    Bild gazetasining “qochoqlar boʻyicha ekspertlar”ga tayanib yozishicha, har kuni 200 ga yaqin qochqin Germaniya chegarasini kesib oʻtishga harakat qilmoqda. Ilgari ularning 120 ga yaqiniga kirish taqiqlangan boʻlsa, 7-maydan yangi qoidalar kuchga kirganidan keyin bu koʻrsatkich 190 taga yetdi.

    Yangi ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt 7-may kuni Germaniya oʻz chegaralarida nazoratni kuchaytirishini maʼlum qildi. U 2015-yildan beri amalda boʻlgan qoidani tikladi, unga koʻra, Yevropa Ittifoqi davlatlaridan kelgan qochqinlar chegarada kiritilishi taqiqlanishi mumkin. Faqat bolalar va homilador ayollar kabi «zaif guruhlar« ozod qilinadi.

    Yevropa Ittifoqining qaysi davlatlari oʻz fuqarolariga qochqin maqomini bermasligi avvalroq maʼlum qilingan edi.