Uchrashuvda Fargʻona viloyati tikuv-trikotaj sohasi salohiyatidan foydalangan holda Yevropa bozori uchun Fargʻonada mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish istiqbollari muhokama qilindi.

“Teamdress Holding GmbH” kompaniyasi Yevropada iqtisodiyotning turli sohalari xodimlari uchun ish kiyimlari yetkazib beruvchi yirik tuzilmalardan biri hisoblanadi. 100-yildan ziyod tarixga ega kompaniyaning bosh qarorgohi Gamburg shahrida joylashgan.

Kompaniya dunyoning turli mamlakatlarida joylashgan sanoat korxonalari, sogʻliqni saqlash, oʻt oʻchirish, qutqaruv xizmatlari, umumiy ovqatlanish tarmogʻi xodimlari, ishchilar va boshqa soha vakillari uchun maxsus kiyim ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar tarmogʻiga ega.

Korinna Xorndal, Oʻzbekistonning, xususan Fargʻona viloyatining tekstil sohasidagi imkoniyatlarini yuqori baholab, “Teamdress Holding GmbH” aynan shu sababdan Fargʻonada oʻz buyurtmalarini joylashtirishni rejalashtirayotganini qayd etdi. Shuningdek, kelajakda buyurtma beriladigan kiyim-kechaklar uchun kerakli aralash matolarni viloyatimiz hududida ishlab chiqarishni tashkil etish ham koʻzda tutilmoqda.
 
Viloyatdagi tekstil korxonalari bilan hamkorlik jarayonida ishlab chiqarish jarayonining samaradorligini oshirish hamda sifatini yuksaltirish maqsadida germaniyaliklar tomonidan maxsus xalqaro AAMT dasturi yordamida oʻquv amaliyotlari ham tashkil etish koʻzda tutilgan. 

Viloyat hokimining taklifi bilan, ertaga Korinna Xorndal va Martin Shorsh Uchkoʻprik tumanida yangi barpo etilgan Boboshbek savdo va ishlab chiqarish majmuasi imkoniyatlari bilan tanishishadi, mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlik borasida muloqot oʻtkazishadi. Shuningdek, tikuvchilar uchun maxsus kurslar tashkil etish masalasi boʻyicha Fargʻona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida boʻlishadi.