Hujjatlarga Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va GIZning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yaxim Frits Samarqandda boʻlib oʻtgan ikki tomonlama uchrashuvda imzo chekdi.
Birinchi kelishuv 2024-yil fevraldan 2025-yil iyungacha amalga oshiriladigan “Iqlimni muhofaza qilish strategiyalari boʻyicha siyosiy muloqot va bilimlarni boshqarish” (DIAPOL-CE) loyihasini amalga oshirishga bagʻishlangan.
Maʼlumot uchun, loyiha hamkor mamlakatlarni iqlimga mos, barqaror va ekologik toza iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha uzoq muddatli ssenariy va strategiyalarni ishlab chiqishda qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
Oʻzbekistonda loyiha iqlim oʻzgarishining qoʻriqlanadigan hududlar va botqoqliklarga ehtimoliy salbiy taʼsirini oʻrganish uchun Sudoche koʻllari tizimidagi iqlim xavfi tahlilini qoʻllab-quvvatlaydi.
DIAPOL-CE loyihasini amalga oshirish doirasida quyidagi tadbirlar koʻzda tutilgan:
- suvli-botqoq yerlarni saqlash va barqaror boshqarish boʻyicha milliy strategiyani ishlab chiqish;
- mahalliy, milliy va xalqaro tashrif buyuruvchilarni jalb etish uchun ekoturizmni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish;
- suvli-botqoqli yerlar uchun iqlim xavfi bilan bogʻliq holda Sudoche koʻllari tizimining imkoniyatlarini oshirish.
Ikkinchi kelishuv Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi sohasida transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan “Yashil Markaziy Osiyo II bosqich” loyihasi doirasidagi hamkorlikni nazarda tutadi.
Loyihaning asosiy maqsadi loyihaning birinchi bosqichida ishlab chiqilgan va mintaqaning barcha davlatlari tomonidan kelishilgan Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga moslashish va yumshatish boʻyicha Mintaqaviy dasturni amalga oshirishdan iborat.
Ushbu loyiha doirasida 2028-yilgacha atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlarini qisqartirish va iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha harakatlar rejasini yangilash boʻyicha dialog uchrashuvlari, ekspert koʻmagi tashkil etiladi, shuningdek, qoʻshma Markaziy Osiyo siyosiy deklaratsiyasi, iqlim oʻzgarishiga duchor boʻlgan hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining zaifligini baholash metodologiyasi va gender nuqtayi nazaridan iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha oʻquv moduli kabi hujjatlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.