Germaniya Federal saylov komissiyasi saytida 24-fevral, dushanbaga o'tar kechasi e'lon qilingan ma'lumotlarga ko'ra, Fridrix Mers boshchiligidagi konservativ XDI/XSI bloki 28,6 foiz ovoz bilan Bundestagga bo'lib o'tgan navbatdan tashqari saylovlarda g'alaba qozondi.
O'ta o'ng “Germaniya uchun muqobil” (GuM) 20,8 foiz ovoz bilan ikkinchi, so'l markazchi Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) esa 16,4 foiz ovoz bilan uchinchi o'rinni egalladi. To'rtinchi o'rinni “Ittifoq-90/yashillar”ning so'l liberallari (11,6 foiz ovoz), beshinchi o'rinni So'l partiya (8,8 foiz) qo'lga kiritdi.
Liberal erkin demokratik partiya (ErDP) va so'l populist Sara Vagenknext Ittifoqi (SVI) Bundestagga kira olmadi. Saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko'ra, birinchisi bor-yo'g'i 4,3 foiz, ikkinchisi esa 4,972 foiz ovoz to'plagan, parlamentga kirish chegarasi 5 foizni tashkil qilgan.
Shunday qilib, XDI/XSI va GSDP oladigan mandatlar hukmron “katta koalitsiya”ni shakllantirish uchun yetarli bo'lishi kerak.
Shu bilan birga, Germaniyaning amaldagi kantsleri Olaf Shols 23-fevral kuni Fridrix Mers va XDI/XSI bloki bilan koalitsiya tuzish bo'yicha muzokaralarni shaxsan o'tkazmasligini va yangi hukumat tarkibiga qo'shilmasligini ma'lum qildi. “Men kanslerlikka nomzodimni qo'ygandim”, deya xulosa qildi u. Bild tabloidi uning so'zlarini iste'foga chiqishiga ishora sifatida talqin qildi.
Fridrix Mers 2025-yil 21-aprel, Pasxagacha yangi nemis hukumatini tuzishga va'da berdi. Siyosatchi unga kimlar qo'shilishi mumkinligi haqida gapirishdan bosh tortdi, lekin uning partiyasi GuM bilan birga mamlakatni boshqarmasligini ta'kidladi, deb xabar beradi dw.com.