Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 6-11-noyabr kunlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi xizmat safari bilan Germaniyada boʻlib qaytdi. Safar davomida delegatsiya aʼzolarining GFRning rasmiy siyosiy doiralari va mahalliy hokimiyat organlari vakillari bilan oʻndan ortiq uchrashuvlari tashkil etildi.
Shunday uchrashuvlardan biri Berlin deputatlar palatasi vitse-prezidenti Denis Bushner bilan boʻlib oʻtdi. Muloqotda Berlin shahar parlamenti, undagi fraksiyalar va deputatlar, shuningdek, siyosiy partiyalar faoliyati haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, xizmat safari doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi GFRning Saksoniya Federal Yeri Kengashi (parlamenti) raisi Mattias Ryossler bilan ham uchrashdi. Unda federal yer tarixi, iqtisodiyoti va sanoati salohiyati hamda mahalliy kengash faoliyati, shakllanishi va vakolatlari yuzasidan muhokama boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasining Germaniyaga safari YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori koʻmagida tashkil etildi.