O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal kansleri Angela Merkelning joriy yil 12 mart kuni bo'lib o'tgan videoanjuman shaklidagi sammitidan ruhlanib yozilgan maqola 2016 yil 14 dekabr kuni yangi Prezident ish boshlagandan buyon O'zbekistonda juda ko'p o'zgarishlar bo'lgani bilan boshlanadi.

“Germaniya va O'zbekiston — katta imkoniyatga ega sheriklik” sarlavhali maqolada “Qaysidir ma'noda O'zbekiston o'zini qayta kashf etdi. Aniq maqsadli yo'lda amalga oshirilayotgan islohotlar barqarorlashdi. Mamlakat ochildi va mintaqa lokomotiviga aylanmoqda. Bu rivojlanish Germaniya uchun ham, O'zbekiston uchun ham birdek manfaatli”, deydi muallif.

Maqolada Shavkat Mirziyoyevning Prezident sifatida amalga oshirgan ilk bayonotlari mamlakat ichkarisida ham, xalqaro jamoatchilikda ham zo'r ishtiyoq bilan kutib olingani, o'z navbatida, odamlarda “Yangi davlat rahbari O'zbekistonda tub islohotlar va ijobiy o'zgarishlarni boshlaydimi?” degan shubha ham bo'lgani, mamlakatning bugungi yorqin qiyofasi esa bu kabi ishonchsizliklarga butkul barham bergani haqida bayon etiladi.

Germaniya nashri e'tirof etishicha, O'zbekiston uchun imkonsizdek bo'lib tuyulgan yangi taraqqiyot yo'lidagi g'oyalar, yirik loyihalar va maqsadlar ko'p o'tmay hayotda o'z aksini topa boshladi. Yangi davlat rahbari o'z oldiga qo'ygan maqsadlarni bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda.

“Prezidentning yillik Murojaatnomasi odamlarga bo'lajak o'zgarishlar bosqichlarini ko'rsatishi bilan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlat rahbarining katta islohotlar yo'lida o'zi bilan birga barcha rahbarlar va fuqarolarni ham faollikka chorlashi mamlakatda yangi taraqqiyot ohangini o'rnatdi”, deya maqolani davom ettiradi muallif.

Shuningdek, O'zbekiston qo'shni davlatlar bilan do'stona munosabatlarni yo'lga qo'ygani, ko'p yillar davomida bahsli bo'lib kelgan muammolar — chegara hududlar, suv va boshqa masalalarga oqilona echim topilgani, pirovardida, dunyo hamjamiyatining O'zbekistonda katta o'zgarishlar ro'y berayotganiga ishonchi ortgani haqida so'z boradi.

Muallifning talqinicha, 2017 yil Samarqandda BMT shafeligida Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta'minlash bo'yicha xalqaro konferentsiya ham yangi O'zbekiston o'zini xalqaro maydonda tanitgan tadbir bo'ldi.

Mamlakatda jadal va tizimli islohotlar Evropa Ittifoqi tomonidan ham iliq kutib olingani, pirovardida, xalqaro tashkilotning O'zbekiston va u orqali Markaziy Osiyo davlatlariga bo'lgan qiziqishi ortgani misollar bilan keltirib o'tilgan. “O'zbekiston tobora mintaqaning markazi va yuragiga aylanmoqda”, deydi muallif.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil yanvar` oyidagi Germaniyaga rasmiy tashrifi, shu yil may oyida esa Federal Prezident Frank Val`ter Shtaynmayerning mamlakatimizga javob tashrifi chog'ida erishilgan kelishuvlar va uning tarixiy ahamiyati haqida ham so'z boradi. Har ikki tashrif mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlarning yangi davriga yo'l ochdi.

Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev va Federal kansler Angela Merkelning joriy yil 12 mart kuni bo'lib o'tgan videoanjuman shaklidagi sammiti tafsilotlariga ham batafsil to'xtab o'tilgan. Bu sammit O'zbekiston va Germaniya o'rtasidagi katta imkoniyatga ega sheriklik munosabatlari rivoji yo'lida muhim ahamiyatga egaligi ta'kidlangan.

* * *

“Berliner Morgenpost” — Germaniyadagi kundalik gazeta. Nashrning kunlik adadi 100 mingdan ziyodni tashkil etadi. Onlayn shakli bilan qo'shib hisoblaganda kunlik auditoriyasi 500 ming atrofida.

“Germaniya va O'zbekiston — katta imkoniyatga ega sheriklik” sarlavhali maqola “Berliner Morgenpost”dan tashqari 30 ga yaqin gazeta, jurnal va Germaniyadagi internet nashrlari, xususan, “Deutsche Presse Agentur (dpa)” axborot agentligi saytida e'lon qilingan.

Shtab kvartirasi Gamburg shahrida joylashgan “Deutsche Presse Agentur (dpa)” mamlakatdagi eng yirik axborot agentligi sanaladi. Agentlik 80 davlatda o'z vakolatxonasiga ega.