Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Uchqir” siquv kompressor stansiyada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va avariyaviy toʻxtalishlarning oldini olish maqsadida taʼmirlash ishlariga Germaniyaning “Siemens Energy”, Singapurning “Enter Engineering RTE. LTD” kompaniyalari va aksiyadorlik jamiyatining bir guruh malakali mutaxassislari jalb etildi.
Ushbu siquv kompressor stansiyasining asosiy vazifasi “Doyaxotin”, “Qumli” guruhlari va “Uchqir” konlardagi tabiiy gazlarni tez va samarali qazib olinishdan iborat. Shuni alohida taʼkidlab oʻtish joizki, bitta gaz haydash agregatining toʻxtab qolishi kunlik 1 million kub metrga yaqin tabiiy gaz qazib olish hajmining qisqarishiga olib keladi.
Yuqoridagilarni hisobga olgan holda hamda stansiya kafolat muddatida turganligi sababli, aniqlangan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida taʼmirlash ishlarini tezkor ravishda oʻtkazish zaruriyati paydo boʻldi. Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun “Siemens Energy” kompaniyasining mutaxassislar bilan birgalikda stansiyaning 200-sonli gaz haydash agregatiga oʻrnatilgan “SGT-400” rusumli gazturbinali dvigatelida taʼmirlash ishlari ishlab chiqaruvchi zavodning yoʻriqnomasiga asosan amalga oshirilmoqda.
Taʼmirlash jarayonida gazturbinali dvigatel demontaj qilinib, “Siemens Energy” kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan tayanch podshipnikini yangisiga almashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, bir qancha texnik jihatdan murakkab boʻlgan hisoblashlar ham oʻtkaziladi. Sozlash ishlari hamda gaz haydash agregatining avtomatika qismida “Maxsusenergogaz” AJ mutaxassislari hamkorligida avtomatik boshqaruv tizimi, datchik va priborlari tekshirilib, proflaktika ishlari olib borildi. Natijada 200-sonli gaz haydash agregatining uzluksiz, bir meʼyorda ishlashining taʼminlanishiga hamda tabiiy gaz qazib olish hajmining qisqarishini oldini olishga erishildi.
Maʼlumot uchun: “Uchqir” siquv kompressor stansiyasi Buxoro viloyati Romiton tumanida joylashgan boʻlib, 2 ta gaz haydash agregatlari mavjud va yiliga 5,0 mlrd kub metr tabiiy gazni haydab berish quvvatiga ega. Stansiyaga 2021-yilda Germaniyaning “Siemens Energy” kompaniyasida ishlab chiqarilgan gaz haydash agregatlari oʻrnatilgan va ishga tushirilgan.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati