Uchrashuvda GIZning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari, Markaziy Osiyoda huquqiy davlat tuzilishiga koʻmaklashish mintaqaviy dasturi direktori Y.Pudelka Germaniyadagi yirik oliy taʼlim muassasalari va yuridik universitetlari xususida maʼlumot berdi. Mazkur taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatib, oʻzaro tajriba almashish, xorijning yuridik mutaxassislarini jalb etish yuzasidan atroflicha fikr almashdi.
Tadbirda Termiz davlat universiteti va GIZ hamkorligida huquqiy sohada yangi loyihalar ishlab chiqish, yuridik fakultetida yangi yoʻnalishlar ochish masalalari ham muhokama etildi. Termiz shahrida hamkorlikda yuridik xizmat koʻrsatuvchi, huquqiy maslahat beruvchi ofisni tashkil etish rejalashtirildi.
Unda universitetining professor-oʻqituvchilari va germaniyalik malakali huquqshunos-mutaxassislar Oʻzbekiston, Tojikiston va Afgʻoniston fuqarolarining huquqiy savodxonligini oshirishga koʻmaklashish, huquq sohasi boʻyicha magistratura mutaxassisligida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish va taʼlim berish uchun chet ellik mutaxassislarni jalb etishda amaliy yordam koʻrsatish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Tomonlar oʻzaro hamkorlikning ilk bosqichi sifatida huquqiy sohaga bagʻishlangan ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etishga kelishib oldi, deya xabar beradi OʻzA.