Germaniyada ayanchli hodisa roʻy berdi

    Germaniyaning Magdeburg shahridagi Rojdestvo yarmarkasida mashinaning olomon ustiga bostirib borishi oqibatida kamida 11 kishi halok boʻldi, 80 ga yaqin kishi jarohatlandi, deb xabar berdi Bild nashri.

    Qora BMW olomon orasidan 400 metr masofani bosib oʻtgan. Xabar qilinishicha, gumondor qoʻlga olingan.

    Jabrlanganlar sonining koʻpligi va ulardan baʼzilari olgan ogʻir jarohatlar tufayli qurbonlar soni yana ortishi mumkin.

    Qoʻlga olingan shaxs — 50 yoshli Saudiya Arabistoni fuqarosi. U 2006-yilda Germaniyaga kelgan va shifokor boʻlib ishlagan.

    Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, qasddan sodir etilgan hodisada uning yolgʻiz oʻzi harakat qilgan. Mashinada portlovchi moddalar topilmagan.

    Hujum sabablari nomaʼlumligicha qolmoqda. Mahalliy telekanal politsiyaga tayanib, gumonlanuvchi aqidaparast emasligini xabar qildi.

    Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi hujumni qoraladi.

    Germaniya kansleri Olaf Shols bugun mintaqaga tashrif buyurishini aytdi.