Mehmonni uyushma raisi Sirojiddin Sayyid qabul qildi. Suhbatda olim Germaniyada “Boburnoma”ning yangi, toʻldirilgan nashri chop etishga tayyorlanayotgani haqida taʼkidladi. Uning mundarijasi, mazmun-mohiyatiga toʻxtaldi.
Bu xabardan Sirojiddin Sayyid quvonganini bildirib, ushbu asar tarix bilan bogʻliq boʻlgani uchun undagi har bir maʼlumotda faktlarga tayanish lozimligini aytib oʻtdi. Kitobning yaratilish jarayonida esa adabiy hamkorlikka tayyorligini maʼlum qildi.
Asli oʻzbekistonlik boʻlgan adib Yozuvchilar uyushmasining faxriy aʼzosi hisoblanadi. Bir qator kitoblari nashr etilgan.
– Ona Vatanga boʻlgan mehrim-muhabbatim mazkur kitob ustida ishlashga undadi, – dedi Xelmut Dalov. – Asardagi qahramonlar hayoti va oʻsha davr voqeligini aks ettirishda asl tarixiy haqiqatlarni ochishga harakat qildim.
Mehmon Sirojiddin Sayyidni shu yilning oktyabr oyida Germaniyada boʻlib oʻtadigan mazkur kitobning taqdimotida ishtirok etishga taklif qildi. Oʻz navbatida, uyushma raisi ham bugun mamlakatimizda Zahiriddin Muhammad Bobur, boburiylar sulolasi keng oʻrganilayotgani va shu maqsadda taqdimot har ikki davlatda ham oʻtkazilishi hamda unda boburshunos olimlar ham qatnashishi lozimligini taʼkidladi.
Uchrashuvda tomonlar adabiy aloqalarga doimiy tayyorligini va bu boradagi rejalarni kelishib olishdi.
Zulayho Ahmadjonova,
jurnalist