Dunyoning 70 ga yaqin davlatidan delegatsiya va kompaniyalar, 10 dan oshiq nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etayotgan haftalik doirasida qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik va xalqaro oziq-ovqat koʻrgazmalari ham tashkil etiladi.
Ushbu haftalik doirasida “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” stendining ochilish marosimi ham boʻlib oʻtdi. Koʻrgazmada ishtirok etayotgan xorijliklar hamda nufuzli mehmonlar yurtimiz pavilyoniga katta qiziqish bildirmoqda.
Bu bejizga emas, albatta. 163 kvadrat metrda joylashgan stendimiz har qanday mehmonga yuqori kayfiyat, unutilmas taʼm va zavq bera oladi. Negaki, milliy stendda yangi va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlari, sharbatlar, jemlar, yogʻ mahsulotlari, salqin ichimliklar, qandolat mahsulotlari va boshqa 192 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etilgan.
Quyoshli zaminimizda yetishtirilgan sarxil noz-neʼmatlar, quritilgan mevalar, sabzavot hamda poliz mahsulotlaridan bahramand boʻlayotgan barcha mehmonlarga Oʻzbekistondan kelgan oshpazlarimiz tomonidan palov ham tayyorlandi.
Ushbu haftalik va koʻrgazmada dunyoning turli burchaklaridan oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqaruvchilari tashrif buyurib, koʻrgazma maydonida oʻz mahsulotlarini namoyish etishadi. Koʻrgazmada ishtirokchilar oʻz mahsulotlarini sinovdan oʻtkazadi, uning odamlar uchun qiziqarli yoki aksincha ekanini tahlil qiladi.
Ushbu koʻrgazma doirasida uchrashuvlar, kelishuvlar hamda investitsion va hamkorlik shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.