Ushbu o'quv kurslarining tantanali  ochilishi marosimida Bosh konsul Olimjon Abdullaev tadbir ishtirokchilarini tobora yaqinlashib kelayotgan Navro'z bayrami bilan tabriklar ekan, mamlakatimizda kechayotgan islohotlar, jumladan, xorijdagi yurtdoshlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar bilan tanishtirdi.

Diplomat vatandoshlar farzandlari uchun maxsus kurslar tashkil etish loyihasini birgalikda amalga oshirishda ko'rsatgan ko'magi uchun  «Humo» nemis-o'zbek jamiyati vakillariga minnatdorlik bildirdi.

Ta'kidlash kerakki, «O'zbek tili va madaniyati» maxsus kurslari uchun darslik va qo'llanmalar «Vatandoshlar» jamoat fondi  tomonidan taqdim etildi.

«Humo» nemis-o'zbek madaniy jamiyati raisi Otabek Xoliqboev ushbu kurslarda nafaqat Frankfurt va unga yaqin aholi punktlaridan kelgan o'zbek oilalarining farzandlari, balki o'zbek xalqining tili, madaniyati hamda an'analariga qiziquvchi barcha vatandoshlar va chet fuqarolari qatnashishlari mumkinligini bildirdi.

Tadbirda nafaqat yurtdoshlarimiz va ularning farzandlari, balki Frankfurtning tub aholisi vakillari ham ishtirok etishdi. Ular tomonidan mahalliy aholi o'rtasida o'zbek tilini o'rganishga bo'lgan  qiziqish tobora ortib borayotgani ma'lum qilindi.

Xususan, rassom Laura Zerlach tantanali marosimdagi nutqida til millatning o'zligini, uning ma'naviy salohiyatini belgilashini alohida ta'kidladi.  

«Til - xalq tarixi va davlat taraqqiyotining ko'zgusidir. O'zbek tili xalqning ko'p asrlik madaniy, ilmiy, ma'naviy va badiiy tafakkuri, intelektual salohiyatining bebaho mahsuli sifatida dunyoning boy va qadimiy tillari qatoridan o'rin olgan. O'g'lim bugundan boshlab o'zbek tilini o'rganishni boshladi. Mashg'ulotlar davomida o'zbek tili madaniyati va an'anasi, shuningdek, adabiy asarlar bilan yaqindan tanishdik», dedi u.