Germaniyalik investorlarning Oʻzbekistonga qiziqishi baland

    Investitsiyalar 2 May 2023 921

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi arafasida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Berlin shahrida investorlar, yirik kompaniya va banklar vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Jumladan, Commerzbank boshqaruvchi direktori Kristian Toben bilan videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan muzokaralarda Yevropaning eng yirik moliya muassasalaridan biri va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, mamlakatimizda toʻqimachilik sanoati va qurilish materiallari ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash uchun yangi kredit liniyalari ajratish boʻyicha loyihalar muhokama etildi.

    Knauf International kompaniyasi bosh direktori Uve Knotzer bilan suhbatda kompaniyaning Oʻzbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Bunga, boshqa yoʻnalishlar bilan bir qatorda, qurilish materiallari ishlab chiqarish quvvatlarini xususiylashtirish hisobiga erishish imkoniyatlari muhokama qilindi.

    Bohlen Industrie kompaniyasi boshqaruvchi direktori Ekbert fon Bolen Und Xalbax bilan Oʻzbekistonda kimyo sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlarni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

    Lasselsberger Group egasi Jozef Lasselsberger bilan muzokaralar chogʻida Oʻzbekistonda qurilish materiallari sanoatida yangi loyihalarni amalga oshirish, xususan, yirik formatli keramogranit ishlab chiqaruvchi zavod tashkil etish masalasi kelishib olindi.

    Uchrashuvlar norasmiy va samimiy muloqot tarzida boʻlib oʻtdi va bu yangi loyihalar, dolzarb masalalar va qator sohalarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini samarali muhokama etish imkonini berdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.