Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasi vakillari Germaniyaning jamoat sogʻligʻini saqlashdagi eng nufuzli tashkilotlaridan biri hisoblangan Robert Kox instituti Xalqaro sogʻliqni saqlash markazi rahbari A.Yansen bilan koronavirusga qarshi kurashish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda koronavirusga qarshi kurashda ushbu mamlakat mutasaddi tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish, ularning ilgʻor tajribalarini oʻrganish va respublikada tatbiq etishni tashkil qilish masalalari muhokama etildi.
Taʼkidlash kerakki, koronavirusga qarshi kurashishda Yevropa davlatlari, jumladan Germaniya yuksak natijalarga erishayotgani barchaga maʼlum.
Bu borada Robert Kox instituti Germaniya hukumati va davlat sogʻliqni saqlash idoralari uchun asosiy maslahat markazi hisoblanib, yuqumli kasalliklarni oldini olish va nazorat qilish, mamlakat sogʻliqni saqlash tizimidagi uzoq muddatli tendensiyalarni tahlil qilishda muhim oʻrin tutadi. Turli xil bakterial va virusli kasalliklar boʻyicha milliy maʼlumot markazi va laboratoriyalar ham mazkur institutda joylashgan. Bu yerda faoliyat olib borayotgan 1 ming 300 dan ortiq olim va ekspert mintaqaviy epidemiyalarni tekshirish va zarur choralar belgilashda masʼul boʻlib, tegishli hukumat idoralari bilan birgalikda favqulodda vaziyatlar rejasini ishlab chiqadi.
Uchrashuv doirasida dunyo davlatlari qatori Oʻzbekistonda ham koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashishda amalga oshirilayotgan ishlar, epidemiologik vaziyatni nazorat qilish borasida belgilangan qatʼiy chora-tadbirlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Toshkent shahri va viloyatlardagi koʻplab tibbiyot muassasalari shifoxonalar ushbu virus bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun qaytadan jihozlangani, shuningdek, koronavirusga chalingan bemorlar uchun tezkorlik bilan alohida shifoxonalar qurilgani taʼkidlandi. Biroq yangi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda xalqaro tajriba va malakali mutaxassislarga ehtiyoj borligi sababli Robet Kox instituti yetakchi ekspertlari va tajribali vrachlaridan iborat guruhning Oʻzbekistonga koʻmaklashish uchun yuborish imkoniyatini koʻrib chiqish taklifi bildirildi, deb xabar beradi “Dunyo AA.
A.Yansen dunyo boʻylab keng tarqalgan COVID-19 infeksiyasiga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyatning yana-da jipslashishi lozimligi, jumladan Germaniya ham yolgʻiz oʻzi uni yenga olmasligini taʼkidladi.
Oʻzbekistonda yangi koronavirus infeksiyasi profilaktikasi, nazorati va davolash tadbirlarini amalga oshirishda Germaniya tajribasiga boʻlgan qiziqish uchun minnatdorlik bildirib, respublikaga ekspertlar guruhi safarini ikki bosqichda tashkil etish mumkinligini bildirdi.
— COVID-19ga qarshi samarali kurashda, uni bartaraf etishda xalqaro hamjihatlik juda ham muhimdir, — dedi nemis mutaxassisi. — Shu boisdan ham Robert Kox instituti dunyoning koʻplab davlatlari va nufuzli xalqaro tashkilotlari bilan samarali hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Biz Oʻzbekistonlik hamkasblar bilan ilk bor joriy yilning may oyida telekonferensiya orqali muloqot qilib, maʼlumot va tajriba almashdik, ushbu ofatga qarshi hamkorlikda qanday kurash olib borish xususida fikrlashdik. Bugun Oʻzbekistonning Berlindagi elchixonasida navbatdagi qadamda COVID-19ga qarshi hamkorlikda qanday samarali kurash olib borish imkoniyatlarini muhokama etdik va tegishli kelishuvga erishdik. Ushbu kelishuvga binoan Robet Kox instituti oʻz espertlari va Sharite klinikasi vrachlaridan iborat dastlabki guruhni Oʻzbekistonga yuborishga kelishdik. Biz ushbu guruh tarkibini qisqa vaqt ichida shakllantirib, Oʻzbekistonga yuborishni tashkil etishga harakat qilamiz. Keyinchalik olingan xulosa va ehtiyoj asosida uzoqroq muddatga ikkinchi guruh safarini tashkil etamiz.