Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonning yetakchi poyabzal ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va “Autsorsing” asosida poyabzal va poyabzal ustki qismlarini ishlab chiqarish, sohaga sarmoya kiritishdan iborat boʻldi.
Maʼlumot uchun, Berkemann 1885-yilda tashkil etilgan. Kompaniya faoliyatining boshidan nafaqat chiroyli, balki qulay poyabzallarni ishlab chiqarishni oʻziga maqsad qilgan. Tez orada sifatga ixtirochilik ham qoʻshildi: kompaniya asoschisi Geynrix Berkemann bozorga birinchi boʻlib ommaviy ishlab chiqarilgan ortopedik taglikni taqdim etdi. Bugungi kunda kompaniya tomonidan 6 ta taniqli brend ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlar dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlariga eksport qilinyapti. Gap “Berkemann”, “Solidus”, “Marc”, “Däumling”, “Senbert” va “Everybody” kabi poyabzal brendlari haqida ketyapti. Ishlab chiqarish korxonalari Germaniya, Vengriya, Xorvatiya va Chexiyada joylashgan.
Taʼkidlash kerak, “Berkemann” bilan hamkorlik sanoat korxonalariga dunyoga mashhur boshqa brendlardan tayyor poyabzal mahsulotlariga buyurtmalar olish, eksport koʻrsatkichlarini 2-3 barobar oshirish imkonini beradi.
Onlayn uchrashuvda kompaniya bosh direktori Tomas Bauyerfeind qayd etganidek, “Berkemann” hozirda koronavirus pandemiyasining taʼsiri, energiya narxining oshishi va logistik toʻsiqlar kabi muammolarga duch kelyapti. Bu borada Oʻzbekistonning oʻsib borayotgan sarmoyaviy jozibadorligi va investorlar uchun yaratilgan sharoitlar Germaniya investorlarida katta taassurot uygʻotgan. Janob Bauyerfeynd mamlakatimizdagi tajribali charm-poyabzal korxonalari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishni rejalashtirgan.
Uchrashuvda Uyushma tomonidan “Berkemann” kompaniyasiga “Uzshoes”, “Clasica Shoes International”, “Person” va “Vodiy Shoes” korxonalari ularning ishlab chiqarish salohiyati, mahsulot sifati haqida toʻliq maʼlumot berildi. Germaniya tomoni esa oʻz navbatida Oʻzbekistondagi korxonalarga mahsulot namunalarini joʻnatish boʻyicha qaror qabul qildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.
Hamkorlikning keyingi bosqichlarida sanoat korxonalari imkoniyatlari bilan tanishish maqsadida “Berkemann” kompaniyasi vakillarining Oʻzbekistonga tashrifi rejalashtirilgan.