Germaniyaning mashhur jurnalida Oʻzbekistonning turistik salohiyatiga oid maqola chop etildi

    Germaniyaning mashhur “OstContact” jurnalida “Uzbekistan imeet ogromnыy turisticheskiy potentsial” (“O'zbekiston ulkan turistik salohiyatga ega”) nomli maqola chop etildi.

    Unda xalqaro tashkilotlarning Oʻzbekistondagi turizm sohasida olib borgan tahlillari, mamlakat turizmiga koronavirus pandemiyasining taʼsiri, turistlar uchun yaratilgan qulayliklar, vizasiz rejim joriy etilgani, xorijiy davlatlar, jumladan, Rossiya bilan turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan dasturlar haqida soʻz boradi.

    Maʼlumot uchun, “OstContact” — 1955-yildan beri har oyda nashr etiladigan Germaniyaning mashhur jurnali hisoblanib, Yevropa Ittifoqi, MDH mamlakatlari va Rossiya bozorlaridagi iqtisodiy, siyosiy jarayonlar toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etib boradi. Jurnalda siyosatchilar, jamoat arboblari va yirik ishbilarmonlarning bozorga oid tahlili, soliq, moliya, investitsiya, turizm, xizmat koʻrsatish sohalari, energetika, ekologiya, mehnat bozori, marketing, bojxona, yurisprudensiya va boshqa koʻplab yoʻnalishlardagi dolzarb maʼlumotlar berib boriladi. Jurnal oʻrtacha 10 ming nusxada chop etiladi, uning elektron versiyasi 1,5 million obunachiga ega.

    Shuningdek, maqolada Oʻzbekistonning turizm salohiyati, sohadagi ijobiy oʻzgarishlar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar batafsil yoritilgan. Oʻzbekistonga “Buyuk Ipak Yoʻli”da joylashgan, tarixiy obidalari va muqaddas qadamjolari bilan mashhur afsonaviy oʻlka hamda dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro va Xiva kabi turistik shaharlariga ega mamlakat sifatida taʼrif berilgan. Oʻzbekistonning oʻziga xos xushmanzara tabiati, boy madaniy merosi va urf-odatlari, milliy taomlari toʻgʻrisida ham koʻplab ijobiy fikrlar keltirilgan.

    Bundan tashqari, 2018-yildan bugungi kunga qadar 90 ta xorijiy mamlakat fuqarolari uchun Oʻzbekistonga vizasiz rejim tartibining qoʻllanishi sayyohlar oqimining keskin oshishiga sabab boʻlganligi ijobiy baholangan. Xususan, Bahrayn Qirolligi, Qatar, Quvayt, Ummon Sultonligi va Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoyning Gonkong va Makao maxsus maʼmuriy hududlari fuqarolari uchun ham vizasiz rejim joriy qilinganligi ziyorat turizmi yoʻnalishini yana-da rivojlantirishga katta hissa qoʻshishi qayd etilgan.

    Shuningdek, Oʻzbekistonning joylashtirish vositalari sonining oshib borayotganligi, turizm obyektlari infratuzilmasini yana-da takomillashtirish, madaniy-koʻngilochar majmualarni rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini restavratsiya, konservatsiya qilish ishlari uchun 1 trillion soʻm ajratilgani mazkur sohaning yana-da rivojlanishiga turtki boʻlishi alohida taʼkidlab oʻtilgan.

    Umuman olganda, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda turizm sohasiga mamlakatning asosiy iqtisodiy yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtibor qaratilishi soha rivojiga katta taʼsir koʻrsatishi maqolada oʻz ifodasini topgan.