Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekistonda transport sohasini rivojlantirishda amalga oshirilayotgan ishlarning faollashtirganini alohida taʼkidladilar va bajarilayotgan ishlarda Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va Germaniyaning “Deutsche Bahn AG” temir yoʻl strategik hamkorligi juda muhim ekanligini alohida taʼkidladi.

Eslatib oʻtamiz, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJni Germaniya temir yoʻllarining ilgʻor tajribasiga asoslangan holda takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.

–Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Deutsche Bahn AG” kompaniyasining konsalting boʻlimi mutaxassislarining qoʻshma ishchi guruhi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti sohasida tarkibiy islohotlar toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini tayyorladi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri oʻrinbosari Abdusamat Moʻminov. – Ayni paytda, germaniyalik mutaxassislari bilan tayyorlangan tavsiyalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan. Raqamlashtirish sohasidagi qarorlarni joriy etish orqali biznes jarayonlarining samaradorligi oshiriladi va Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl sohasida Germaniya tajribasi asosida muvofiqlikni nazorat qilish tizimini yaratish qaror qabul qilishda inson omilini kamaytiradi.

Videokonferensiya doirasida Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl tarmogʻini isloh qilish sohasida amalga oshirilgan qoʻshma ishlar toʻgʻrisidagi hisobot tinglandi.

– “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va Germaniya temir yoʻllari “Deutsche Bahn AG” kompaniyasi bilan strategik hamkorligi 2013-yildan buyon muvaffaqiyatli davom etib kelmoqda, – deydi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisining oʻrinbosari v.b. Xayitbay Omonov. – Germaniyalik ekspertlar 19,2 kilometr uzunlikdagi “Qamchiq” temir yoʻl tuneli qurilishi, Qarshi – Termiz temir yoʻl liniyasini elektrlashtirish, shuningdek, Toshkent metropoliteni Sergeli va Yunusobod yoʻnalishlarini qurish kabi strategik muhim loyihalar ustida ish olib bordilar. Ayni paytda germaniyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda temir yoʻllarning tashkiliy tuzilmasi va boshqaruvini takomillashtirish, moliyaviy barqarorlikni oshirish, logistika salohiyatini va tranzit yoʻlaklarini rivojlantirish, raqamlashtirish, shuningdek, temir yoʻl transportining raqobatbardoshligini oshirishda tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.

Mamlakatlarimizni nafaqat hamkorlik munosabatlari, balki doʻstona munosabatlar ham bogʻlab turadi, – dedi B.Yanix, Germaniya Federal transport va raqamli infratuzilma vazirligi xalqaro aloqalar va tashqi iqtisodiy aloqalar referatining rahbari. – Germaniyada mamlakatning butun iqtisodiyoti temir yoʻl transportiga asoslangan. Bundan tashqari, hozirgi kunda dunyodagi barcha temir yoʻllar qayta tiklanish (renesans) davrini boshdan kechirmoqda. Bu, ayniqsa, pandemiya sharoitida yaqqol namoyon boʻldi va barchamiz temir yoʻl transportining naqadar muhimligini anglab yetdik. Shu sababli, zamonaviy sharoitda ushbu sohani muvaffaqiyatli shakllanish darajasida rivojlantirish zarur va shu nuqtayi nazardan biz Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligimizni bildiramiz.

Uchrashuvda, shuningdek, yoʻlovchilar va sayyohlarni tashishda multimodal usulidan foydalangan holda yoʻlovchilar iqtisodiyotini yaxshilash boʻyicha, rejalashtirilgan qoʻshma chora-tadbirlar, yoʻlovchilar sonini koʻpaytirish va ularga xizmat koʻrsatishda zamonaviy usullardan foydalanish uchun vokzallar va stansiyalar majmualarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Dunyoda avj olgan koronavirus pandemiyasi tufayli oʻzaro mutaxassislar bilan tajriba almashish, temir yoʻl sohasi xodimlari uchun amaliyot oʻtash va talabalarimizni “Deutsche Bahn AG” kompaniyasida oʻqitish boʻyicha mavjud kelishuvlarni amalga oshirishning hozircha imkoni yoʻq. Ammo, epidemiologik vaziyat barqarorlashib borishi bilan Germaniyaning ilgʻor tajribalarini hisobga olgan holda temir yoʻl transporti sohasida malakasini oshirish va oʻqitish boʻyicha loyihalarni toʻliq amalga oshirishni boshlash rejalashtirilmoqda.

Uchrashuv yakunida transport-logistika sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish maqsadida Germaniya bilan aloqalarni kengaytirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.