Gid, ekskursiya yetakchisi va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar sertifikat olishi lozim

    Turizm 12 Avgust 2020 3324

    Vazirlar Mahkamasining 10.07.2020-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 433-son qarori bilan quyidagi nizomlar tasdiqlangan:

    Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilarga malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisida nizom (1);

    Turizm sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (2).

    Nizom (1) gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilarga malaka sertifikatini berish tartibini belgilaydi.

    Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar malaka sertifikati va beyjik olish uchun malaka imtihonini topshirishi lozim, imtihon Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish institutining ishchi organi (keyingi oʻrinlarda – ishchi organ) tomonidan oʻtkaziladi.

    Malaka sertifikati va beyjik quyidagi hollarda Oʻzbekiston hududida turizm xizmatlarini koʻrsatish huquqini beradi:

    yuridik shaxs shtatida boʻlsa;

    fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida yuridik shaxs bilan ishlayotgan boʻlsa;

    yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzi-oʻzini band qilgan boʻlsa.

    Oliy, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim muassasalari yoki qayta tayyorlash kurslarini gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchi mutaxassisligi boʻyicha bitirganlar taʼlim muassasasini tamomlagandan keyin dastlabki uch yilda malaka imtihonini topshirishdan ozod etiladi.

    Nizomda quyidagilar keltirilgan:

    malaka imtihonini topshirishga talabgorlarga qoʻyiladigan talablar;

    imtihon topshirish uchun taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati;

    imtihon topshirishga ruxsat olish tartibi;

    imtihon oʻtkazish bosqichlari;

    apellyatsiyani koʻrib chiqish tartibi;

    malaka sertifikati va beyjikni berish, qayta rasmiylashtirish va dublikat berish tartibi;

    reyestrni yuritish tartibi;

    malaka sertifikati va beyjikning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi.

    Ishchi organ tomonidan malaka sertifikati va beyjikning elektron varianti gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar yagona reyestriga kiritiladi. Ular soʻrov olingan kundan boshlab 5 kun mobaynida beriladi.

    Malaka sertifikati va beyjikni rasmiylashtirish va berish uchun Ishchi organ tomonidan BHMning 25%i miqdorida yigʻim undiriladi.

    Nizom (2) turizm sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibini belgilaydi.

    Nizomga muvofiq turizm sohasida mutaxassislarning qayta tayyorlanishi va malakasini oshirish amalga oshiriladigan lavozim va mutaxassisliklar nomenklaturasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish instituti realizatsiya qiluvchi organ hisoblanadi.

    Nizomda turizm sohasida qayta tayyorlash va malaka oshirishning maqsad va asosiy vazifalari koʻrsatilgan.

    Turizm sohasi tashkilotlari xodimlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish buyurtmachilari hisoblanadi. Har yili, mutaxassislar soni, ularning tayyorgarlik darajasi, mutaxassislarning ish tajribasidan kelib chiqqan holda, oʻquv kurslari dasturlari shakllantiriladi.

    Tegishli texnik taʼminot mavjud boʻlganda onlayn-kurslar tashkil etiladi.

    Turizm sohasi mutaxassislari uch yilda bir marta malaka oshirishdan oʻtishi lozim. Qayta tayyorlash va malaka oshirish shartnoma boʻyicha pullik asosda amalga oshiriladi.

    Shuningdek Nizomda quyidagilar belgilangan:

    taʼlim jarayoni sifatini va taʼlim muassasalarining faoliyatini monitoring qilish tartibi;

    taʼlim muassasalariga nisbatan talablar;

    oʻquv dasturlariga qoʻyiladigan talablar.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 10.07.2020-yildan kuchga kirdi.

    Lola Abduazimova.