Bu haqdagi sertifikatni markaz ilmiy kengashi aʼzolariga tantanali topshirish marosimida rasmiy vakil va hakam Sheyda Subashi ishtirok etdi. Tadbirda loyihani amalga oshirishga salmoqli hissa qoʻshgan arxitektor, loyihachi, dizayner va quruvchilar ham hozir boʻldi.

Hazrati Imom majmuasi hududida joylashgan ushbu markaz ulugʻvor meʼmoriy koʻrsatkichlari bilan ajralib turadi. Hudud maydoni 10 gektar, binoning uzunligi 161 metr, kengligi
118 metr, gumbazining balandligi 65 metr, xonalarning umumiy maydoni esa qariyb 50 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Aynan shu xususiyatlar jahon rekordiga asos boʻlgan.

— Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi boy tarixiy meros va zamonaviy muzey texnologiyalari uygʻunligini namoyon etuvchi noyob namunadir, — deydi Sheyda Subashi. — Majmuaning koʻlami, konseptual yaxlitligi va amalga oshirish darajasi Guinness World Records mezonlariga toʻliq mos keladi. Bu nafaqat eng yirik muzey, balki madaniyatlar muloqoti va bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazish uchun zamonaviy platforma hamdir.

Ayni paytda markaz mintaqadagi eng koʻp tashrif buyuriladigan ilmiy-madaniy maskanlardan biriga aylanib ulgurdi. Bu yerga har kuni 5000 nafargacha tashrif buyuruvchi kelmoqda. Guinness World Records unvonining berilishi nafaqat loyiha koʻlamining eʼtirofi, balki uni amalga oshirishda ishtirok etgan yuzlab mutaxassis, olim va ekspertlar mehnatiga berilgan yuksak bahodir.

— Shubhasiz, bu mukofot Oʻzbekiston Prezidentining mual­liflik loyihasiga berilgan munosib eʼtirofdir, — deydi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov. — Endi mavjud salohiyatdan samarali foydalanib, Oʻzbekistonning boy madaniy merosini asrash va ommalashtirishga qaratilgan keng koʻlamli ilmiy-maʼrifiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, islomning ezgulik, tinchlik, maʼrifat va bagʻrikenglik dini ekanini targʻib qilishni davom ettirish asosiy maqsadimiz hisoblanadi.

Guinness World Records eʼtirofi Oʻzbekistonning islom ilm-fani, madaniyati va maʼrifati sohasidagi muhim sayyohlik va tarixiy markaz sifatidagi oʻrnini yanada mustahkamlaydi. Shuningdek, markazning oʻzaro hurmat, bagʻrikenglik va madaniy xilma-­xillik tamoyillariga asoslangan sivilizatsiyalar muloqoti uchun zamonaviy platforma ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri