— Gipertoniya — yurak-qon tomir tizimi kasalliklariga chalingan kishilarning oʻlimiga yoki nogironlikka sabab boʻluvchi asosiy omillardan biri, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidova — Uning asosiy belgisi — miya tomirlarining spazmi va torayishi tufayli bosh ogʻrigʻidir.

Shuningdek, koʻpincha quloqlarda shovqin paydo boʻlishi, koʻrish qobiliyati susayishi, holsizlik, uyqu buzilishi, bosh aylanishi, boshda ogʻirlik hissi, yurak urishi tezlashishi namoyon boʻladi.

Bu alomatlar kasallikning erta bosqichlarida kuzatiladi. Keyinchalik, yurakning uzoq vaqt davomida zoʻriqib ishlashi tufayli yurak yetishmovchiligi yuzaga keladi.

Yana, koʻplab bemorlarda tez-tez burun qonashi, qayt qilish, uyqusizlik, xotira buzilishi, har qanday jismoniy faollikdan soʻng teri yuzasi qizarishi, koʻzdagi kuchli bosim, yurakning tez urishi, toʻqimalarda shishlar paydo boʻlishi, charchoq kabi belgilar uchraydi.

Gipertoniya kasalligida parhez – tana vaznini meʼyorlashtirish, qonda xolesterin darajasini pasaytirish, organizmda suv-tuz almashinuvi va elektrolit buzilishlarni moʻtadillashtirish, yurak mushagi faoliyatini yaxshilash, tomir devorlarini mustahkamlash kabilarga qaratiladi.

Gipertoniyani parhez yordamida davolashning asosiy tamoyillari quyidagicha:

Tanavvul qilinayotgan taomlarning energetik qiymati tana sarflayotgan energiyaga mos kelishi lozim. Bemorda semizlik mavjud boʻlsa, kundalik taomlar kaloriyasi chegaralanishi kerak.

Ovqatlanish ratsionidan markaziy asab va yurak qon-tomir tizimini qoʻzgʻatuvchi (goʻshtli, baliq goʻshtli quyuq shoʻrvalar, achchiq choy, qahva, shokolad, dudlangan mahsulotlar) va ichaklarda dam hosil boʻlish jarayonini kuchaytiruvchi (noʻxat, loviya, gazli ichimlik va boshqa) mahsulotlarni chiqarib tashlash maqsadga muvofiq.

spirtli ichimliklar isteʼmolini qatʼiy cheklash lozim.

Kundalik osh tuzi isteʼmoli 5 grammdan oshmasligi hamda 2 grammdan kam boʻlmasligi zarur.

magniy tuzlari bilan toʻyintirilgan sut, oʻsimlik mahsulotlaridan tashkil topgan parhez qon bosimini pasaytiradi. Bemorlar uchun kalsiy miqdori yuqori, tarkibida yogʻ va kofein kam boʻlgan mahsulotlar foydalidir.

Vaznni 1 kilogramga kamaytirish sistolik qon bosimini simob ustuni hisobida oʻrtacha 2,5 millimetrga, diastolik bosimning esa 1,5 millimetrga pasaytiradi.

Bundan tashqari, tandirdan uzilgan yangi non oʻrniga, bir-ikki kun turgan nonni isteʼmol qilish foydalidir. Kundalik ratsionga darmondori va minerallarga boy hamda kasallikka qarshi kurashishga yordam beruvchi mahsulotlardan koʻproq kiritish kerak.