Holat boʻyicha Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, postning oʻtkazuvchanligini oshirish, bu yerdan harakatlanayotgan jismoniy shaxslar va avtotransport vositalari uchun zamonaviy va qulay shart-sharoitlarni muhayyo qilish, bojxona nazorati va rasmiylashtiruviga sarflanadigan vaqtni qisqartirish maqsadida hozirda “Gʻishtkoʻprik” bojxona postini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston-Qozogʻiston bilan chegaradagi “Navoiy” (Oʻzbekiston) – Kaplanbek (Qozogʻiston) chegara-bojxona postlari har ikki davlat tomonidan modernizatsiya va rekonstruksiya qilinayotgani sababli hozirda yopiq.
Shuningdek, Qozogʻistonga chiqish yoʻnalishidagi “S.Najimov” (Oʻzbekiston) – “Kazыgurt” (Qozogʻiston), “Sirdaryo” (Oʻzbekiston) – “Atamaken” (Qozogʻiston) chegara bojxona postlarining Qozogʻiston tomonida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan ushbu postlar orqali piyodalar, avtobus, yengil va yuk koʻtarish qobiliyati 3,5 tonnagacha boʻlgan yuk avtotransport vositalari harakati rekonstruksiya davrida vaqtinchalik toʻxtatilgan.
Bu esa “Gʻishtkoʻprik” chegara-bojxona postida fuqarolar va transport vositalari harakatida vaqtinchalik yuklama yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda.
Chegara-bojxona postlarida jismoniy shaxslarning bojxona nazorati uzluksiz amalga oshiriladi. Fuqarolarning asosiy qismi “yashil” yoʻlak orqali harakatlanishi sababli bojxonada yoʻlovchilarning toʻplanib qolishiga sabab boʻladigan kasbiy omil mavjud emas.
Chegara-bojxona postlarida faqatgina bojxona emas, bir nechta nazorat idoralari faoliyat yuritishini inobatga olsak, ushbu idoralarga tegishli axborot tizimlarida vaqti-vaqti bilan kuzatilayotgan uzilishlar ham qisqa muddatli tirbandliklarga sabab boʻlmoqda.
Qolaversa, mehnat migratsiyasi, yozgi taʼtil va bayram arafasidagi ziyorat turizmi sababli avgust oyi chegara-bojxona postlarida fuqarolar gavjumligi oshadigan palla hisoblanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, yengil avtotransport vositalari orqali harakatlanayotgan fuqarolarni Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi “Yallama” chegara bojxona posti orqali harakatlanishlarini tavsiya qilamiz.
“Gʻishtkoʻprik” chegara-bojxona posti kechayu kunduz faoliyat yuritishini inobatga olib, postdan oʻtishda sutkaning fuqarolar va transport vositalari gavjum boʻlmagan vaqtini tanlash maqsadga muvofiq.
Hozirda kuzatilayotgan noqulayliklar vaqtinchalik xarakterga ega boʻlib, postdagi qurilish-bunyodkorlik ishlari yakuniga yetgach, toʻliq bartaraf boʻladi, — deyiladi xabarda.