“Gʻishtkoʻprik”, “Zangiota” va “Dovut ota” oʻtkazish punktlarida “yashil” va “qizil” yoʻlaklar joriy etiladi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyatini tashkil etish va bojxona maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (PQ-122-son, 25.03.2025-y.) qabul qilindi.

    Qarorga muvofiq, 2025-yilda bojxona sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:

    • sohaga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish;
    • bojxona organlari axborot tizimlarini takomillashtirish va samaradorligini oshirish;
    • bojxona organlari tashkiliy tuzilmalarini optimallashtirish.

    Bojxona qoʻmitasi tizimida Bojxona rasmiylashtiruvi markazi tashkil etiladi. Bunda hududiy boshqarmalarning masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari bosqichma-bosqich tugatiladi.

    Bojxona qoʻmitasi tarkibida bojxona sohasiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etishga ixtisoslashgan tuzilma tashkil etiladi. Tuzilmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi. Jumladan:

    • sunʼiy intellekt texnologiyalari sohasida ilgʻor xorijiy davlatlar tajribalarini oʻrganish;
    • bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini qamrab olgan sunʼiy intellekt texnologiyalarini tadqiq qilish, ularning samarali ishlashini taʼminlash hamda doimiy tarzda sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish choralarini koʻrish.