U 2021-yilning sentyabr oyida Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati Panjikent shahrida yashovchi shaxs tomonidan Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumani hududiga o‘tkazilib, xufiya joyga yashirib ketilgan 9 kg. 751. gr. «opiy» giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

Aniqlanishicha, tojikistonlik narkosavdogar ushbu ajal og‘usini keyinroq kerakli manzilga yetkazib berishi uchun samarqandlik narkokur’yerga 10 ming AQSH dollari berishi lozim bo‘lgan.

Sud hukmiga ko‘ra qonunbuzarga nisbatan 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi va jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi. 

2021 yilning sentyabr oyida qayd etilgan boshqa holatda esa DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat bojxona boshqarmasi hamda ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan “Kia-Bongo” rusumli avtomashina Samarqand viloyatining “Yuqori nuqta” YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. 

Natijada, unda ketayotgan Samarqand shahrida yashovchi, 1984 y.t. H.Z. va 1991 y.t. M.X.larga tegishli 5 kg. 953 gr. “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, ular Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan ushbu ajal og‘usini “O‘rikzor” bozori yonida noma’lum shaxslardan qabul qilib olib, kelgusida uni sotish orqali mo‘may daromad topishni maqsad qilishgan. Giyohvandlik vositasi uchun ular tojikistonlik narkosavdogarga 36 ming AQSH dollari berishgan.

Sud hukmiga ko‘ra qonunbuzarlar Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilib, ularning har biriga 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.