Giyohvandlik – bu faqat tibbiy muammo emas, balki chuqur ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy inqiroz sababchisidir.

2025-yil statistikasi tashvishli manzarani koʻrsatmoqda. Bir yil davomida mamlakatimizda 15 412 ta narkojinoyat qayd etildi. Bu raqam ortida minglab buzilgan taqdirlar, vayron boʻlgan oilalar va yoʻqotilgan imkoniyatlar yashiringan. Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi maʼlumotlariga koʻra, faqat 2025-yilda 3 tonna 413 kg narkotik va psixotrop moddalar muomaladan olib tashlangan. Ayniqsa tashvishli tomoni – bu illatning yoshlar orasida keng tarqalayotganidir. Javobgarlikka tortilgan 11 ming 49 nafar shaxs orasida 59 nafar maktab oʻquvchisi va 124 nafar talaba bor. Bu raqamlar jamiyatimiz kelajagi boʻlgan yosh avlodning bir qismi ushbu xavfli tuzoqqa tushib qolayotganidan dalolat beradi.

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, vaziyat yildan-yilga jiddiylashmoqda. Musodara qilingan giyohvand moddalar hajmi 2024-yildagi 1,7 tonnadan 2025-yilda 3,6 tonnagacha – deyarli ikki baravarga oshgan. Fosh etilgan narkolaboratoriyalar soni 8 tadan 15 tagacha koʻpaygan. Eng xavfli tendensiya – sintetik narkotiklar va psixotrop moddalarning ommalashishi. 2025-yil davomida 180 kg dan ortiq sintetik vositalar va 1 million donadan ziyod psixotrop moddalar muomaladan olingan. Bu moddalarning 14-25 yoshdagi shaxslar orasida tobora keng tarqalayotgani alohida xavotir uygʻotadi.[1]

Giyohvandlik – bu nafaqat tibbiy, balki keng koʻlamli ijtimoiy muammo. Uning oqibatlari hayotning barcha jabhalarini qamrab oladi. Narkotik moddalarni isteʼmol qilish inson organizmini izdan chiqaradi. Jigar, buyrak, yurak, asab tizimi – barcha organlar zarar koʻradi. Immunitet zaiflashadi, turli kasalliklarga duchor boʻlish xavfi ortadi. Gepatit, OITS va boshqa infeksion kasalliklar xavfi tobora kuchayadi. Ruhiy salomatlik ham chuqur buziladi – depressiya, agressiya, paranoyya kabi holatlar rivojlanadi. Narkotiklar dastlab xursandlik, vaqtincha xotirjamlik hissini uygʻotib, kayf qildirishi sababli isteʼmol qilinib, bora-bora kasallikka aylanadi. Keyinchalik esa narkotik moddalarni qabul qilmasdan turolmaydigan, ular boʻlmasa huddi “biror narsa yetishmayotgandek” boʻlib qoladi.

Giyohvandlik oilalarda barqarorlikni buzadi. Moddiy qiyinchiliklar, ishonchsizlik, zoʻravonlik – bularning barchasi ushbu illatning oqibatlaridir. Bolalar ota-onasiz qoladi yoki notoʻgʻri tarbiya oladi, bu esa muammoning yangi avlodlarga oʻtishiga olib keladi. Narkomanlar jamiyatdan chetlashadi, ishini yoʻqotadi, taʼlim olish imkoniyatidan mahrum boʻladi. Ular koʻpincha jinoyat yoʻlidan boradi – oʻgʻrilik, talonchilik, firibgarlik. Narkotik moddalarga qaram boʻlgan shaxslar moddiy vositalarni topish uchun har qanday pastkashliklarga boradi. Natijada jamiyatda jinoyatchilik darajasi ortadi.

Davlat narkomanlarni davolashga, huquqni muhofaza qilish organlarining faoliyatiga, reabilitatsiya dasturlariga katta mablagʻlar sarflaydi. Shu bilan birga, ishchi kuchining bir qismi unumsiz boʻlib qoladi. Narkotiklarni isteʼmol qiluvchilar ish joylarida samarali faoliyat koʻrsatolmaydi, shuningdek ular tibbiy yordamga muhtoj boʻlib qoladi. Bu davlat sogʻliqni saqlash tizimiga qoʻshimcha yuk boʻladi va iqtisodiy yoʻqotishlarni keltirib chiqaradi.

Giyohvandlikka olib keluvchi omillar koʻp va har xildir. Oilaviy muammolar – ota-onalarning orasidagi kelishmovchiliklar, eʼtiborsizlik yoki befarqlik yoshlarni yomon taʼsirlarga moyil qiladi. Yoshlar oʻrtasidagi ishsizlik, taʼlimdagi muvaffaqiyatsizlik, jamiyatda oʻz oʻrnini topa olmaslik hissi kabi holatlar ularni stressga soladi va giyohvandlikka tushishga sabab boʻladi. Stress, depressiya, ruhiy bosimlar va psixologik yordamning yetishmasligi ham giyohvandlikka olib keladi. Koʻp hollarda inson oʻz muammolarini giyohvandlik orqali unutmoqchi boʻladi. Ayniqsa yoshlar orasida jamiyatga moslasholmaslik, tanqid va badavlat munosabatlar ularni bu illatga tobe qiladi.

Yosh avlodni kelgusidagi jismoniy va maʼnaviy shakllanishi, asosan oiladagi muhit, ota-onasining kimligi, oilada qanday oʻrin egallashiga, er-xotinning oʻzaro muomalasiga, farzandining har tomonlama shakllanishida ular olib borayotgan tarbiyaviy ishlarga bogʻliq. Hayot shuni koʻrsatadiki, yosh avlodning kamol topishida, maʼlum bir foydali yaxshi yoki yomon yoʻlga kirishida atrof-tevarakdagi oʻrtoqlari, oshna-ogʻaynilari, ayniqsa oʻsha muhitdagi oʻrtoqlarining taʼsiri kattadir. Shuning uchun oilada, yoshlarning tarbiyasida hamma vaqt ularni qayerda va kimlar bilan birgalikda boʻlishlari, nima ish bilan mashgʻul ekanlari, qanday oʻrtoqlari borligini nazorat qilish juda muhimdir.

Internet va ijtimoiy tarmoqlarda narkotik moddalarning yashirin reklama qilinishi, ularning “moda” sifatida targʻib qilinishi ham bu illatning avj olishiga sabab boʻlmoqda. Giyohvandlik jinoyatchilikning oshishiga ham bevosita taʼsir koʻrsatadi. Bu esa jamiyatda huquqbuzarlik koʻrsatkichining oshishiga olib keladi. Shuning uchun ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan, ichki ishlar boʻlimlari va bojxona xizmatlari narkotik vositalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi faol kurash olib borishmoqda.

Giyohvandlikka qarshi samarali kurashish jamiyatning barcha tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlashni talab qiladi. Yosh avlodni giyohvandlikning zararlari haqida ilgaridan ogoh qilish muhimdir. Maktab, kollej, oliy oʻquv yurtlarida yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga koʻproq eʼtibor qaratish, sport, sanʼat, fan kabi sohalarga qiziqishini oshirish giyohvandlikdan uzoq turishga xizmat qiladi. Yoshlarga sport va boshqa ijodiy faoliyatlarni keng ommalashtirish zarur.

Davlatimiz tomonidan giyohvandlikka qarshi kurashga oid qonunlar, milliy dasturlar ishlab chiqilgan va bu yoʻnalishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmon va qarorlari asosida "Giyohvandlikka qarshi kurashish boʻyicha respublika komissiyasi" faoliyat yuritmoqda. Bu komissiya barcha sohalarni qamrab olgan holda muvofiqlashtirilgan va tizimli kurashni taʼminlamoqda. Ayniqsa, DXX, Bosh prokuratura, SSV va MTT vazirligi kabi idoralar oʻzaro hamkorlikda ishlashi samaradorlikni oshirmoqda.

Narkotiklarni tarqatishga qarshi qatʼiy qonunlar qabul qilinishi va ularni amalga oshirishda qatʼiylik talab etiladi. Shifoxonalar va reabilitatsiya markazlari taʼsis etilib, muolaja va psixologik yordamni kengaytirish kerak. Har bir fuqaro giyohvandlikka qarshi kurashda faol ishtirok etishi lozim. Bu borada ommaviy axborot vositalari, mahalliy jamgʻarmalar va NNTlar oʻrni katta. Ular giyohvandlikka qarshi targʻibot ishlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Giyohvandlikka qarshi kurashish har bir fuqaroga, har bir oila aʼzosiga tegishli boʻlgan masʼuliyatli vazifadir. Bu illatga qarshi faqat davlat emas, balki butun jamiyat birgalikda kurashgandagina ijobiy natijaga erishish mumkin. Giyohvandlik – bu zamonaviy jamiyatning eng xavfli va eng chuqur ildiz otgan illatlaridan biridir. U insoniyat salomatligi, maʼnaviyati, taraqqiyoti va xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi. Ayniqsa, yosh avlod orasida bu illatning tarqalishi kelajak uchun jiddiy xavf tugʻdiradi. Shu bois, giyohvandlikka qarshi kurashda har bir fuqaro, oila, taʼlim muassasalari, ommaviy axborot vositalari va davlat organlari oʻz oʻrnini aniq anglashi va faol ishtirok etishi lozim.

Giyohvandlikka qarshi kurash faqat jazolash bilan emas, balki chuqur profilaktik, maʼrifiy va tarbiyaviy ishlar orqali olib borilgandagina samarali boʻladi. Sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, yoshlar ongiga mustahkam maʼnaviy-axloqiy immunitetni shakllantirish, ularni mazmunli hayotga yoʻnaltirish – bu kurashning eng samarali vositalaridandir. Yurtimizda bu borada qabul qilingan qonunlar, milliy dasturlar va idoralararo hamkorliklar samarasi oʻz natijasini bermoqda. Ammo giyohvandlikka qarshi kurash doimiy eʼtibor, yangicha yondashuvlar va keng jamoatchilik ishtirokini talab qiladi.

Inson hayoti, yosh avlod kelajagiga rahna solishi mumkin boʻlgan giyohvandlik-bangilikka qarshi kurashish mustaqil yurtimizning har bir fuqarosi, qolaversa, har birimizning muhim vazifalarimizdan boʻlib hisoblanadi. Zero, jamiyat hayotidagi mavjud har qanday zararli illatni yoʻq qilish va uning oldini olish har birimizning vazifamiz, sharafli burchimizdir. Sogʻlom jamiyat – sogʻlom insonlardan boshlanadi. Har birimiz ushbu illatga qarshi kurashda faol ishtirok etib, yurtimiz kelajagi boʻlgan yoshlarni giyohvandlik balosidan asrashimiz kerak. Giyohvandlikning kishilar sogʻligʻiga, oilalarga, iqtisodga, odob-axloqqa, umuman inson hayotining barcha sohalariga solayotgan tahdidi kun sayin, soat sayin ortib bormoqda. Shuning uchun ham har yili 26 iyun Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni deb eʼlon qilingan. Bugungi kunda giyohvandlikka qarshi kurashish har birimizning vazifamizdir.

 

Davronov Atobek,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat-protsessual  huquqi sho‘basi v.b.dotsenti