Ushbu toifa jinoyatlarni tez va to‘la ochish, fosh etish, tergov qilish va isbotlash dolzarb vazifa sanaladi.

Jumladan, bunda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyat ishlarni ko‘rishda avvalo, Psixotrop moddalar to‘g‘risidagi Konventsiya (1971-yil 21-fevral, Vena), Giyohvandlik vositalari to‘g‘risidagi Yagona Konventsiya (1961-yil, Vena), Birlashgan Millatlar Tashkilotining narkotik vositalar va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi Konventsiyasi (1988-yil 20-dekabr, Vena), O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 270-276-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi 1999-yil 19-avgustdagi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzda o‘tkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida»gi 2015-yil 12-noyabrdagi 330-sonli qarori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining mazkur sohaga oid xalqaro kelishuvlariga rioya etilishi lozim.

Barchamizga ma’lumki, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish deganda, ularni O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan shart va tartibni buzgan holda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (olib chiqish), tranzit tarzida o‘tkazish, saqlash, berish, realizatsiya qilish, taqsimlash, olish, tashish, jo‘natish, ishlab chiqish, ishlab chiqarish, tayyorlash, ulardan foydalanish va ularni yo‘q qilish, shuningdek tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish tushuniladi. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay oz miqdorda qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish uchun aybdorlar barcha hollarda ma’muriy javobgarlikka tortiladi (O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 56-moddasi). Agar mazkur harakatlar o‘tkazish maqsadini ko‘zlab sodir etilsa, qilmish JK 273-moddasining birinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda olib kirish, olib chiqish va tranzit tarzda o‘tkazish deganda, ularni O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan qonunda belgilangan tartibni buzgan holda olib o‘tish tushuniladi. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda olib kirish, olib chiqish va tranzit tarzda o‘tkazish bilan bog‘liq harakatlarni kvalifikatsiya qilishda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013 yil 6 sentyabrdagi «Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi 18-sonli qarorining 17-bandida berilgan tushuntirishlarga amal qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida” 2017-yil 28-aprel 12-son qaroriga muvofiq, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda saqlash deganda, shaxsning bunday vosita va moddalarga qonunga zid ravishda egalik qilishi (shu jumladan shaxsan iste’moli) bilan bog‘liq qasddan sodir etilgan harakatlari (yonida, binoda, maxfiy yer va boshqa joylarda saqlashi) tushunilishi lozim. Bunda shaxs qancha vaqt davomida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda saqlaganligi ahamiyat kasb etmaydi. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda berish, realizatsiya qilish, taqsimlash deganda, bunday faoliyat turi uchun litsenziyasi mavjud bo‘lgan dorixona yoki davolash-profilaktika muassasasi xodimining bunday vosita yoki moddalarni belgilangan tartibni buzgan holda jismoniy yoki yuridik shaxsga berishda ifodalangan qasddan sodir etilgan harakatlari tushuniladi. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda olish deganda, ularni har qanday usulda, jumladan, sotib olish, hadya yoki bajarilgan ish, ko‘rsatilgan xizmat yoinki qarzni uzish evaziga o‘zaro hisob-kitob, shuningdek, boshqa tovar va ashyolar bilan almashtirish sifatida qabul qilish, topib olganda o‘zlashtirish, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar ro‘yxatiga kiritilgan yovvoyi o‘simliklar yoki ularning qismlarini terish, tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan ekinlar yig‘ishtirilgandan so‘ng qo‘riqlanmay qolgan maydonlardan ularning qoldiqlarini terish hisoblanishi lozim. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tashish deganda, ularni har qanday transport turidan yoki tashish vositasi sifatida qo‘llanilgan qandaydir ob’ektdan foydalangan holda bir joydan boshqa joyga, shu jumladan, bir aholi punkti doirasida ko‘chirish, shuningdek, qayd etilgan vosita va moddalarni bunday faoliyat turi bilan shug‘ullanishga litsenziyasi bo‘lgan yuridik shaxslarning mas’ul shaxslari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibni buzgan holda tashish tushuniladi. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda jo‘natish deganda esa, shaxsning pochta aloqasi, havo yoki boshqa transport turidan foydalanib, ularni pochta jo‘natmalari, posilkalar yoki yuk (bagaj) sifatida, shuningdek, o‘zi bevosita ishtirok etmagan holda boshqa shaxs orqali qonunchilikda belgilangan tartibni buzgan holda ko‘chirishga qasddan qaratilgan harakatlari tushunilishi lozim.

Qonunga xilof ravishda ishlab chiqish deganda, yangi giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunchilikda belgilangan tartibni buzgan, ya’ni bunga davlat buyurtmasi va mazkur faoliyat turi uchun litsenziyasi bo‘lmagan holda ishlab chiqishga qasddan qaratilgan harakatlarni qamrab oladi. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish deganda, bunday vosita yoki moddalarni qonunchilikni buzgan holda o‘simliklar, kimyoviy va boshqa moddalardan seriyalab olishga qasddan qaratilgan harakatlar (masalan, maxsus kimyoviy yoki boshqa uskunalardan foydalangan holda, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni shu maqsadlarga moslashtirilgan binolarda ishlab chiqarish, ularni guruhlab, qadoqlab ishlab chiqarish) tushuniladi. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash esa, qonunchilikni buzgan holda tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simliklardan, dorivor, kimyoviy va boshqa moddalardan foydalanish yoki iste’mol qilishga tayyor bir yoki bir necha giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar olinishidir. Yodda tutish lozimki, tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simliklarni maydalash, quritish, uvalash (kukun qilish), giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qo‘shimcha ishlov (bug‘lash, tozalash, haydash va sh.k.) bermay suvda eritish natijasida moddaning kimyoviy tuzilmasi o‘zgarmasligi sababli, bular giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini tayyorlash deb qaralishi mumkin emas.

Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalardan qonunga xilof ravishda foydalanish deganda, qonunchilikda bunday vosita yoki moddalar bilan qonunga muvofiq muomala qilish uchun belgilangan qoida va tartibni buzgan holda sodir etilgan harakatlar tushuniladi. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda yo‘q qilish deganda esa, bunday vosita yoki moddalarni qonunchilikda belgilangan qoida va tartibni buzgan holda yo‘q qilishga qasddan qaratilgan harakatlar tushunilishi lozim bo‘ladi. Jinoyat qonunida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda yo‘q qilish uchun maxsus norma mavjud emasligi sababli, bunday hollarda aybdorning harakatlari JK mansabdorlik jinoyatlari uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simliklarni qonunga xilof ravishda yetishtirish deganda, qonunchilikni buzgan holda bunday o‘simliklarni ekish va yetishtirish uchun maxsus sharoit yaratish, shuningdek, ularni ekish va yetishtirish, yetishtirish texnologiyasini takomillashtirish, yangi navlarini yaratish, hosildorligini va mavjud iqlim sharoitiga chidamliligini oshirish faoliyati tushuniladi.

Bu toifa jinoyatlarni tergov qilishda vosita va moddalar turini (giyohvandlik, psixotrop), ularning miqdori, nomlanishi va xususiyatlari, kelib chiqishi, ishlab chiqish, ishlab chiqarish uslubini, shuningdek, o‘simlikning giyohvandlik moddasi tarkibida mavjud ekinga taalluqliligini aniqlash uchun maxsus bilim talab etilishini inobatga olib, har bir ish bo‘yicha ekspert yoki mutaxassislarning tegishli xulosalari olinishi shart va O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 1-iyundagi «Sud ekspertizasi to‘g‘risida»gi 249-sonli Qonunning 12-moddasiga muvofiq, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalardan foydalaniladigan har qanday ekspertiza davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan o‘tkaziladi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyatlar o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, bu toifa jinoyatlarni tergov qilishda maxsus bilim va tekshiruvlar talab etiladi va bu alohida protsessual tartib va shartlarni taqozo etadi.

M.Kadirova,
X.Mamatkulova,
TDYU professor-o‘qituvchilari
yu.f.d.