Jahonda avtomobil sotish boʻyicha 2021-yil oxirida Toyota eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyaga aylandi. Yaponlar jami 10,49 mln. dona avtomobil sotishga muvaffaq boʻlishdi, deyiladi EY & Associés hisobotida.
Elektron komponentlar bilan bogʻliq qiyinchiliklarga qaramay, bu natija kompaniya uchun 2020-yilga nisbatan 10 foizga yaxshi boʻldi.
Ikkinchi oʻrinda Germaniyaning Volkswagen kompaniyasi – 8,3 mln. avtomobil. Bu 2020-yildagidan 7 foizga kam. Kuchli uchlikni 6,29 mln. dona avtomobil (-8 foiz) sotgan General Motors yakunlab berdi.
Shuningdek, dunyodagi eng yirik 5 ta avtomobil ishlab chiqaruvchilari qatoriga Stellantis (5,29 mln. dona, +4 foiz) va Honda (4,12 mln. dona, -6 foiz) kirdi.
Biroq, daromad boʻyicha Toyota Volkswagenʻdan ortda qolmoqda. Nemislar 2021-yilda 250 mlrd. yevro, Toyota esa 238 mlrd. yevro daromad oldi. Uchinchi oʻrinda Stellantis konserni — 149 mlrd. yevro.
Maʼlumotlarga koʻra, Teslaʻning bozor kapitallashuvi 868 milliard dollarni tashkil etadi (2022-yil 16-mart holatiga koʻra). Bu Toyota kompaniyasidan (231 milliard dollar) deyarli toʻrt baravar koʻpdir.