Ona suti — chaqaloq uchun mukammal ozuqa. Tarkibida yuzdan ziyod shifobaxsh mikroelementlar mavjud. Qolaversa, immunoglobulinga boy. Chaqaloqni turli infeksiyalardan himoyalaydi, immunitetni mustahkamlaydi.

Ammo mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, keyingi yillarda goʻdaklarni ona suti bilan parvarishlash koʻrsatkichlari tobora pasayib bormoqda.

JSST maʼlumotlariga tayanilsa, hozir dunyo boʻyicha olti oygacha boʻlgan bolalarning atigi 44 foizigina ona suti bilan oziqlanmoqda. Soʻnggi yigirma yil ichida koʻkrak suti oʻrnini bosuvchi sunʼiy mahsulotlarni sotish koʻlami esa taxminan ikki baravar koʻpaygan.

Xoʻsh, buning sababi nimada?

Asosiy muammo dunyoda chaqaloqlar uchun moʻljallangan sunʼiy sut mahsulotlari reklama va marketingiga zoʻr berilayotganida, deydi ekspertlar.

Masalan, “farzandingiz uchun bundan mukammalroq tarkibdagi ozuqani topa olmaysiz” mazmunidagi eʼlonlar tufayli bir guruh ota-onalar bolasini koʻkrak suti bilan emizishdan voz kechyapti.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va YUNICEF hamkorligida tayyorlagan qoʻshma hisobotda dunyoning sakkiz mamlakatida yashovchi 8 500 nafar homilador hamda emizikli ayol va 300 nafar tibbiyot xodimi oʻrtasida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalari eʼlon qilindi.

Unga koʻra, bunday sunʼiy ozuqalarni ishlab chiqaruvchilar oʻz tijoriy manfaatlarini koʻzlab OAV va ijtimoiy tarmoqlarga jozibador reklamalar berish bilan cheklanib qolayotgani yoʻq. Balki shifokorlarni ham moddiy manfaatdorlik yoʻlida manipulyatsiya qilishyapti.

Misol uchun, soʻrovda qatnashganlarning uchdan bir qismi ona suti oʻrnini bosuvchi mahsulotlar tibbiyot mutaxassislari tomonidan tavsiya etilganini maʼlum qildi.

“Chaqaloqlarni ona suti bilan parvarishlash bolaning sogʻlom va durkun oʻsishini taʼminlabgina qolmay, uning kelgusida turli kasalliklarga chalinish xavfini kamaytiradi”, — deyiladi qoʻshma hisobotda.

Shu bois JSST bolalarni olti oylik boʻlguniga qadar faqat ona suti bilan parvarishlashni, ikki yoshga toʻlgunicha esa emizishni toʻxtatmagan holda qoʻshimcha ovqatlar bilan oziqlantirishni tavsiya qiladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Eslatib oʻtamiz: 2019-yil 23-oktyabrda qabul qilingan “Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, mamlakatimizda ona suti oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlangan.