Har yili Evropada ko'hna qit'a davlatlari oliy divizionida o'ynaydigan 21 yoshdan oshmagan eng yaxshi futbolchi uchun Golden Boy mukofoti beriladi. Kuni kecha Tuttosport nashri Golden Boy-2022 sovrini uchun da'vogarlarning qisqartirilgan ro'yxatini e'lon qildi.
Bu ro'yxatdan Karim Adeyemi, Jud Bellingem (ikkisi ham – “Borussiya” Dortmund), eduardo Kamavinga (“Real”), Pedri, Ansu Fati, Gavi (barchasi – “Barselona”), Karni Chukvuemeka (“Chelsi”), Xarvi Elliott (“Liverpul`”), Yugo Ekitik, Nunu Mendesh (ikkisi ham – PSJ), Entoni Elanga (“Manchester Yunayted”), Rayan Gravenberx, Jamal Musiala (ikkisi ham – “Bavariya”) kabi o'yinchilar o'rin olgan.
Golden Boy sovrini 2003 yili Tuttosport gazetasi bosh muharriri tomonidan ta'sis etilgan. O'sha yili mukofot “Ayaks” futbolchisi Van der Vartga topshirilgan. Bugungi jahon futboli yulduzlari Ueyn Runi, Lionel` Messi, Sesk Fabregas, Serxio Aguero, Pol Pogba, Raxim Sterling, Klian Mbappe ham turli yillarda mazkur mukofot sovrindori bo'lishgan.
O'tgan mavsum esa ushbu sovrin “Barselona” yarimhimoyachisi Pedriga nasib qilgan edi.