Jizzax viloyati hokimligi va viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan O'zbekiston kurash hamda belbog'li kurash federatsiyalari hamkorligida “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida o'tkazilgan musobaqa 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag'ishlandi.

Turnirda har ikkala sport turi bo'yicha erkaklar -55, -66, -73,  -90,  -100, +100 hamda mutloq vazn toifalarida kuch sinashgan bo'lsa, ayollar -48, -52, -63 kg. vazn toifalarida bellashdi.

400 ga yaqin polvon ishtirok etgan musobaqada har bir vazn toifasida kuchli uchlikdan joy olgan polvonlar turnir tashkilotchilari tomonidan pul mukofotlari va qimmatbaho esdalik sovg'alari bilan mukofotlandi.

Mutloq vazn toifalarida faxrli birinchi o'rinni qo'lga kiritgan kurash bo'yicha Yahyo Imomov hamda belbog'li kurash bo'yicha Nodir Ahatjonovga bosh sovrin – “Damas” avtomobili topshirildi.

Tantanali taqdirlash marosimida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliev, Jizzax viloyati prokurori Islomjon Ergashxo'jaev, O'zbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi o'rinbosari Komil Yusupov, O'zbekiston belbog'li kurash federatsiyasi bosh kotibi Abdixalil Malikov ishtirok etdi.

Ilhom RAHMONOV