Gʻolib talabalar kompaniyaga ishga qabul qilinadi

    Prezidentimiz raisligida 2022-yilning 4-mart kuni oliy oʻquv yurtlari talabalari bandligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi va bir qator topshiriqlar berildi.

    Ushbu topshiriqlarni ijrosi sifatida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida talabalarning darsdan boʻsh vaqtida ish bilan band boʻlishini taʼminlash, ish oʻrinlarini aniqlash, tahlil qilish va talabalarga amaliy yordam maqsadida muayyan ishlar bajarilyapti.

    Jumladan, elektr energetikasi va issiqlik energetikasi fakulʼtetlarida oʻqiyotgan har bir talabaning haqiqiy holati, oilaviy ahvoli, sharoiti, qanday oʻqiyotgani, muammo va takliflari hamda ishlashga muhtojligi tahlil qilindi. Qolaversa, hamkor ish beruvchi korxona va tashkilotlar bilan birga talabalarni tegishli davlat tashkilotlaridagi vakant joylarga ishga joylashtirish masalalari rejalashtirib olindi.

    Buyurtmachi yirik korxonalar bilan imzolangan shartnomalar asosida talabalarning amaliyotini tashkil etish hamda amaliyot davrida talabalarga oylik maosh toʻlash, korxonaning imkoniyatlaridan kelib chiqib, amaliyot oʻtayotgan talabalarni korxonalarda ishga olib qolish masalalari maqsad qilib olindi.

    Ushbu topshiriqlarni amaliy natijasi sifatida joriy yilning 10–12-mart kunlari elektr energetikasi va issiqlik energetikasi fakulʼtetlarida “Nura group” kompaniyasi bilan elektrotexnika sohasiga qiziquvchi barcha talabalar uchun “Ochiq eshiklar” kuni tashkil etildi. Uchrashuv doirasida talabalarga kompaniyaning tarixi, imkoniyatlari, respublika va halqaro miqyosdagi oʻrni, uzoq yillik tajribasi, ishlab chiqarayotgan mahsulotlari, kompaniyada ishlovchilarga qoʻyiladigan talablar va ishlash afzalliklari, kompaniyaning mahalliy hamkorlari haqida toʻliq maʼlumot berildi.

    “CHINT” brendi ostidagi barcha mahsulotlar “Nura Group”ning asosiy boʻgʻini hisoblanadi. Xitoyning mashhur korporatsiyalaridan biri boʻlgan “CHINT Electric” dunyoga past va yuqori kuchlanishli avtomat oʻchirgichlar, quyosh panellari hamda boshqa barcha elektrotexnika mahsulotlarini etkazib bermoqda.

    2019-yilda Toshkent davlat texnika universiteti elektr energetikasi va issiqlik energetikasi fakulʼtetlarida “CHINT” kompaniyasi homiyligida geliopoligon tashkil etildi. Unda 10 kVt quvvatga ega 40 ta quyosh paneli oʻrnatildi va oʻquv jarayonida foydalanish uchun berildi. Qolaversa, fakulʼtet talabalari va oʻqituvchilari uchun elektr uskunalarini tekshirish va nazorat qilishni innovatsion boshqarish oʻquv-laboratoriya xonasi ham toʻliq jihozlab berildi.

    Hamkorlikda tashkil etilgan “Ochiq eshiklar” kunida elektr texnikasi, elektr mexanika va elektr texnologiyalari taʼlim yoʻnalishlarining 4-kurs talabalari ishtirok etdi. Uchrashuv doirasida barcha talabalar oʻzlarining qiziqtirgan savollariga fakulʼtet rahbariyati va kompaniya mutaxassislari tomonidan javob olishdi.

    Har bir talaba kompaniya tomonidan tuzilgan savolnomaga yozma javob berdi. Kompaniya xodimlari ular bilan alohida-alohida suhbatlashdi. Suhbat natijalariga koʻra 1-bosqichdan oʻtgan talabalar keyingi bosqichga tavsiya etildi. Keyingi bosqich kompaniyaning oʻzida tashkillashtiriladi. Oxirgi natijalarga koʻra gʻolib deb topilgan talabalar “Nura group” kompaniyasiga ishga qabul qilinadi.

    Javohir TOSHOV,

    Toshkent davlat texnika universiteti

    elektr energetikasi fakulteti dekani