Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida ITKF Karate-do sport turi boʻyicha Oʻzbekiston chempionati oʻtkazildi.
Chempionatda Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov, Oʻzbekiston ITKF Karate-do federatsiyasi raisi Shuhrat Kushmuratov, respublikaning barcha hududidan sportchilar va Chilonzor tumanidagi mahalla yoshlari ishtirok etdi.
Umumiy 150 dan ortiq sportchi qatnashib, ular orasida Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalari ham bor.
Gʻoliblar Turizm va sport vazirligi tomonidan diplom va medallar bilan taqdirlanadi hamda milliy terma jamoa safiga qabul qilinadi.
Eng muhimi, avgust oyida Indoneziyaning Jakarta shahrida boʻlib oʻtadigan Osiyo chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritadi.
Ahamiyatli jihati shundaki, mazkur chempionatda universitetga biriktirilgan mahalla yoshlaridan 15 nafari ishtirok etmoqda. Ular Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida tashkil etilgan sport toʻgaraklarining doimiy aʼzolaridir.