Har bir inson tugʻilishi, uning ongi, fikrlash uhdasi, his-tuygʻulari bilan qudratli moʻjizadir. Agar bu haqda teran tahlil bilan oʻylab koʻradigan boʻlsak, hayotning har soniyasi naqadar qadrli, oʻtayotgan fursatlar ulugʻ neʼmat ekani anglashiladi. Bunday yetuklik har bir insonda shakllanib, mohiyatan birlashgan jamiyatda milliy taraqqiyot hodisasi yuzaga chiqa boshlaydi. Aksincha esa inqiroziy holat paydo boʻladi.
Shu oʻrinda tabiiy savol tugʻiladi: bugun biz qaysi toifaga mansubmiz? Nekbinmizmi?
Aslini olganda, har narsani yaxshi tomondan koʻruvchi, kelajakka ishonuvchi, optimist jamiyatdagina islohotlar amalga oshiriladi va eng muhimi, ular samarali kechadi.
Parijda boʻlib oʻtgan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII yozgi Paralimpiya oʻyinlarida sportchilarimiz erishgan tarixiy gʻalabalar choʻqqisida turib, xayolimizdan beixtiyor ana shu oʻylar oʻta boshladi. Zero, bu ikki voqelik oʻzaro uygʻunlashuv mohiyatiga egaki, bunga mulohazalarimiz davomida hali toʻxtalamiz.
Uchinchi renessansning yorqin mujdalari
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev gʻolib atletlarimiz bilan uchrashuvdagi nutqida bu tarixiy gʻalaba yangi Oʻzbekiston yoshlari qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir marta amalda namoyish etgani, bunday yirik xalqaro musobaqada dunyodagi har bir mamlakatning sport sohasiga berayotgan eʼtibori, millat va xalqning jismoniy va maʼnaviy salohiyati yaqqol namoyish boʻlishini alohida eʼtirof etdi.
Oʻzbekistonlik atletlarning Olimpiya oʻyinlaridagi natijalari haqida yozgan “Financial Times” nashri Olimpiya medallari, mamlakatning sport olamida erishayotgan yutuqlari davlatning umumiy rivojlanish va insoniy taraqqiyot darajasini bildiradi, deya taʼkidladi.
Bu oʻrinda alohida tahlil qilib, fikriy vujudimizga singdirib olish kerak boʻlgan ikki muhim taʼkid bor.
Birinchi taʼkid — millat va xalqning jismoniy va maʼnaviy salohiyati yaqqol namoyish boʻlishi.
Ikkinchi taʼkid — davlatning umumiy rivojlanish va insoniy taraqqiyot darajasi.
Yaqinda bir davrada Uchinchi Renessans hodisasi va uning ilk mujdalari nimalarda namoyon boʻlayotgani haqida musohaba yurib qoldi. Fikrlar turfa edi. Ammo shu kunlarda oʻyimizga bir jiddiy toʻxtam kelib turibdi. Gap shundaki, Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida sportchilarimiz erishgan va umuman, keyingi yillarda turli sohalarda yangi Oʻzbekistonimiz yoshlari qoʻlga kiritayotgan olamshumul yutuqlar oldimizga qoʻygan ulugʻ maqsad — Uchinchi Renessans yoʻlidagi yorqin mujdalardan biri emasmi axir?!
Boshqa nuqtayi nazar bilan qaraganda, gʻalabaga erishish amaliyoti hamisha mamlakatdagi tinchlik-totuvlik, barqaror taraqqiyot va maʼnaviy-iqtisodiy yetuklikka bogʻliq ekani ham ayon haqiqat. Boisi, sportchining, murabbiyning ongosti anglamlari atrofdagi muhitdan taʼsir oladi. Yaʼni jamiyatdagi umummilliy intilishdan kuchlanadi. Umummilliy intilish esa, oʻz navbatida, mamlakatdagi taraqqiyot mezonlari bilan bevosita bogʻliqlik kasb etadi.
Xalqimizning jismoniy va maʼnaviy salohiyatiga toʻxtaladigan boʻlsak, bu oʻrinda koʻz oldimizda jamiyatimizning yetti-sakkiz yil burungi manzarasidan tubdan farqli oʻlaroq, bugungi ochiq, taraqqiyga toʻla bardam qiyofasi jonlanadi.
Osmon Yer yuzining hamma joyida nazarga tushib turadi. Uning mahobati gʻoyat sirli. Yulduzlar, Quyosh va Oy, bulutlar, chaqmoq, momaqaldiroq kabi ajoyibotlar insoniyatni tafakkur qilishga chorlayveradi. Kurrai zaminda ham ulardan kam boʻlmagan hayratlar obyekti koʻp. Masalan, togʻlar, ummonlarni olaylik. Ulardan taralayotgan ruhiy axborotlar baʼzan inson aqlini shoshirib qoʻyadi. Ammo odam avlodlari haybatli togʻlar va ummonlardan ham oʻz manfaati uchun foydalanadi. Demak, ular istifoda qilish uchun mavjud.
Xuddi shunday neʼmatlar qatorida farovon, baxtli yashash, munosib turmush kechirishga barcha xalqlar haqlidir, bu ularning tabiiy huquqi. Bunga esa mamlakatdagi odilona boshqaruv siyosati bilan erishilishini yaxshi bilamiz. Sportchilarimizning kechagi tarixiy gʻalabalari zamirida millatimiz va xalqimizning jismoniy va maʼnaviy salohiyati yaqqol namoyon boʻlayotgani ham bugun biz naqadar toʻgʻri yoʻlda ekanimizni anglatadi.
Dunyo qalbida uygʻonayotgan “yangi Oʻzbekiston ruhi”
Biz avvallari ham — hamisha toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasi — Olimpiya, Paralimpiya oʻyinlarida sportchilarimiz gʻolib boʻlishini chin dildan niyat qilib kelganmiz, futbolchilarimizni Olimpiya maydonlarida, mundiallarda koʻrishni orzu qilishdan toʻxtaganimiz yoʻq.
Bu orzu-niyatlarimiz faqat keyingi yillardagina birma-bir roʻyobga chiqayotgani quvonarli, albatta. Ammo bu kabi yutuqlarimiz zamiridagi muhim asoslarni oʻylashimiz, tahlil qilib, xulosa chiqarishimiz ham adolatdan boʻladi.
Shunday ekan, keling, endi gap oʻzanini oʻsha asoslarga buramiz.
Birinchi asos: Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida, u kishining qatʼiy siyosiy irodasi bilan Oʻzbekiston dunyoga keng ochildi. Oʻz navbatida, dunyo ham biz tomon xayrixoh nigoh bilan qaray boshladi.
Bu xususda faxr bilan gapirar ekanmiz, dunyo qalbida uygʻonayotgan “Yangi Oʻzbekiston ruhi” falsafasining gʻalabali yurishlarimizga mohiyatan taʼsiri haqida aytish joizdir. Zero, ochiqlik siyosati, yaqin-yiroq davlatlar bilan oʻzaro bogʻliqlikda rivojlanish konsepsiyasining hayotdagi ifodasi, ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamjihatlik, qardoshlik, doʻstlik siyosati xalqimiz qaddini tikladi. Bugungi hayoti va kelajakka ishonchini oshirdi.
Bu jihatlar sportchilarimizga ham quvvat bagʻishladi. Endi ular ortida inson qadri ulugʻlanadigan, dunyoga samimiy boqadigan Vatani, mehribon Prezidenti borligini dildan his qila boshladi. Va bu, oʻz navbatida, tanaga kuch-gʻayrat, dilga yangi orzular boʻlib singib bormoqda.
Ikkinchi asos: millatimiz qon-qonida mudrab yotgan yutuqli kodlar uygʻonyapti, genofonddagi quvvatlar tiklanyapti.
Bu haqda filologiya fanlari doktori, folklorshunos olim Shomirza Turdimov “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan maqolasida, jumladan, shunday yozadi: “Tasavvur qiling, kichik daraga katta sel kelsa nima boʻladi? Bunday oʻzan katta oqimni udda qila olmaydi. Oqqan daryo oqaveradi, degani shu. Millatning genofondidagi quvvat katta oʻzanga oʻxshaydi. U muayyan vaqtlarda qurib qolganday, oʻzligini yoʻqotganday koʻrinadi. Lekin charxpalak aylanib, choʻmichi yana suvga toʻlib chiqqani kabi millat ham yuksalish pallasini takrorlaydi. Oʻsha charxpalak tekis aylanishi uchun tashqi taʼsirlar unga xalal bermasligi kerak. Yaʼni millat oʻzligiga qaytishi uchun qulay sharoit ham muhim”.
Ha, tasavvur qilyapmiz: keyingi yillarda mamlakatimizda millatimiz oʻzligiga qaytishi, oʻzini topishi va anglashi uchun juda muhim saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu har bir sohadagi yangilanishlarda, xalq bilan muloqot siyosati yoʻlga qoʻyilganida oʻz soʻzini aytmoqda.
Uchinchi asos: har bir yurtdoshimiz qalbida milliy faxrlanish va Vatanga daxldorlik hissi ulgʻaya boshladi.
Bir maqolamizda milliy oʻzlik va milliy gʻurur iqtidori haqida soʻz boshlab, bunday iqtidor qachon paydo boʻlishi va takomiliga yetishi bobida mulohaza yuritgan edik. Aslida, bu his-tuygʻu qon suradi. Yaʼni shajaraviy xususiyatga ega. Soʻng tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Shajaraviy xususiyati ajdodlar feʼlidagi xususiyatlar, hissiyotlar koʻchib yuradi. Faqatgina u sustlashishi yoki aksincha, faollashishi mumkin.
Noyob amaliyot quvvati
Sportchilarimizga tarixiy zafarlar yoʻlida ruhiy, maʼnaviy va jismoniy quvvat bagʻishlab turgan yana bir muhim asos borki, unga bugun alohida faxr bilan toʻxtalish oʻrinli boʻladi.
Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida sportchilarimizni oʻz eʼtibori bilan alohida qoʻllab-quvvatlab turgani, telefon orqali suhbatlashib, har bir yutugʻini eʼtirof etgani, qalbida vatanparvarlik ruhini choʻgʻlantirganidir.
Davlatimiz rahbarining har safar gʻolib sportchilarimiz bilan telefon orqali muloqotidan keyin qalbimizda alohida gʻurur, faxr-iftixor hissini tuyganimiz alohida mavzu, aslida. Chunki bugungiday gʻoyat tahlikali zamonda, xalqaro maydonlarda siyosiy, gʻoyaviy qarama-qarshiliklar avj olgan bir sharoitda oʻta muhim davlat ishlaridan ortib, Parij sport maydonlarida oʻzini namoyon etayotgan sportchilarimizning chiqishlarini kuzatib borish, soʻng ularning har biri bilan alohida-alohida telefon orqali suhbatlashish, aslida — KATTA HODISA. Oʻz navbatida, mamlakatimizning siyosiy quvvati yuksalayotganidan ham darak beradi.
Katta hodisaligi mohiyati shundaki, avvalo, davlat rahbarining sportchilar bilan bevosita muloqot qilishi dunyo tajribasida noyob amaliyot sanaladi. Endi bir oʻylab koʻraylik, Prezidentimiz muzaffar sportchilarimizning har biri bilan gaplashganda, “bolam”, “farzandim”, “oʻgʻlim”, “qizim”, deya ularga juda ulkan motivatsiya berdi, har biridan hol-ahvol soʻrab, ota-onalariga oʻz rahmatlarini aytdi.
Bunday vaziyatda qalbda shijoat, Vatanga boʻlgan mehr, gʻalabaga intilish hissi beixtiyor kishi vujudini egallab oladi va unda kuchlanish kodlari uygʻonadi. Parijdagi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida sportchilarimiz erishgan gʻalabalarga davlatimiz rahbarining sportchilar bilan suhbatlari ham muhim asos boʻlganiga bugun barchamiz guvoh boʻlib turibmiz.
Siyosiy quvvatimiz yuksalayotganidan darak esa mamlakatimizda xalq bilan ana shunday oliy darajadagi bevosita muloqotlar yoʻlga qoʻyilganidadir. Chunki odamlar uzoq yillar oʻz muammolari bilan yolgʻiz yashab keldi. Ularning dardini eshitar rahbar boʻlmadi, masalalarga yechim topish haqida qaygʻurilmadi. Yangi Oʻzbekistonda oʻzgarmasdek tuyulgan bu noxush anʼanaga barham berildi. Mamlakatda erkinlik muhiti yaratildi. Odamlar muammolarni ayta boshladi, bugun ularning fikri bilan hisoblashilmoqda. Bularning barchasi jamuljam boʻlib, mamlakatning tom maʼnodagi siyosiy karyerasini belgilab bermoqda.
Bugun Oʻzbekiston xalqida oʻz aziz yurti, millati, barcha jabhadagi yuksalishlardan gʻururlanish holi paydo boʻlgan. Shundandir, ikki oydirki Parij maydonlarida bayrogʻimiz hilpirab, oʻzbek doʻppisi millatimiz vakillariga yarashib turdi.
Shu oʻrinda Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) Bosh direktori Salim bin Muhammad al-Malikning oʻzbek zaminida bilimga chanqoq, tinchlikka intiluvchi xalq yashashi, ular maʼrifatparvar xalqlar orasida munosib oʻrin egallashini azaldan isbotlab kelgani haqidagi fikrlarini yana bir bor eslasak. “Oʻzbekiston rahbari, muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining jamiyatda taʼlim va ilm-fanning rolini oshirish, madaniyatni asrab-avaylash va yuksaltirishga qaratilgan saʼy-harakatlari va tashabbuslarini Alloh taolo barokatli qilsin”, degan edi u joriy yil iyun oyida Zominda boʻlib oʻtgan Xalqaro maqom sanʼati anjumanida.
Bu eʼtirofni qayta eslaganimiz boisi shundaki, mamlakatimizdagi islohotlar tizimli koʻrinish olib, maʼnaviy- maʼrifiy, iqtisodiy, umuman, barcha sohadagi yangilanishlar uygʻunlashib, bir-birini toʻldirib, pirovardida yaxlit yutuqlarimiz samaradorligini taʼminlab bormoqda.
Dunyoning ochiq koʻzlaridagi havas
Endi yana bevosita XVII yozgi Paralimpiya oʻyinlarida sportchilarimiz erishgan tarixiy gʻalabalar quvonchiga qaytsak.
Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida sportchilarimiz dunyo mamlakatlari oʻrtasida 13-oʻrinni egalladi. Ular bir qator rekordlarni yangiladi, toʻrt yilda bir marta boʻlib oʻtadigan, butun dunyo nigohi qaratilgan, insoniyat katta hayajon, zoʻr qiziqish bilan kuzatib boradigan musobaqadagi raqamlarni oʻzgartirib yubordi.
Shu kunlarda shoirlarimiz oltin avlod — muzaffar sportchilarimiz erishgan natijalardan ruhlanib, ilhomlanib sheʼrlar, qasidalar bitmoqda. Bu ijod namunalarining har biri mamlakatimiz yoshlari, aziz oʻgʻil-qizlarimizni ham yangi yutuqli marralar sari hapriqtirib turgan boʻlsa, ne ajab.
Qolaversa, paralimpiyachilarimizni qizgʻin qoʻllab-quvvatlash uchun Parijga borgan koʻp sonli muxlislar, mutasaddi rahbarlarimizning oʻrnini ham alohida eʼtirof etish joiz. Boisi, har bir olqish, gʻalaba sari ruhlantirish sportda juda muhim. Shuningdek, davlatimiz tomonidan delegatsiyamiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilgani tarixiy gʻalabalarimizga zamin boʻlgani ham kundek ravshan.
Darvoqe, muxlislar haqida aytganda, Paralimpiya oʻyinlari davom etayotgan kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbekistonlik jonkuyar bir yurtdoshimiz chet ellik tomoshabinlar boshiga oʻynab-oʻynab oʻzbek doʻppisini kiydirib yurgani aks etgan kontent keng tarqaldi. Uni koʻrib xayolga yana bir fikr keldi. Mana bir necha yildirki, yurtdoshlarimiz xoh velosipedda, xoh avtomobilda, samolyot yoki poyezdda, xoh piyoda boʻlsin, boshga doʻppi qoʻndirib, bayrogʻimizni yelkasiga yopib, Oʻzbekistonni, oʻzbek elini barchaga tanitish uchun dunyo boʻylab yoʻlga chiqayotgani guvohi boʻlib turibmiz. Bu manzaraga bir soʻz bilan taʼrif beradigan boʻlsak: OʻZBEK KELAYOTIR!
Nafas olib kirib kelgan tongda buyuk hikmatlar boʻladi. Faqat bu hikmatlarni anglash fursatini qoʻldan boy bermaslik muhim. Shu bois, maqolamiz avvalini inson tugʻilishi, ongi, fikrlash uhdasi, his-tuygʻulari bilan qudratli moʻjiza ekani haqidagi mulohaza bilan boshlagan edik. Yana biz anglamlar haqiqati va nekbinlik haqida ham savol qoʻygandik.
Bunga javoban aytishimiz mumkinki, dunyoga yaxshilik sogʻinayotgan va sportchilarimizdek oʻzining ajoyib natijalari bilan hammaga birdek quvonch ulashayotgan, gʻalabalar sururini oʻz Vatani sharafiga bagʻishlayotgan katta elimiz yutuqlari siri, avvalo, umrning har lahzasini qadrlashimiz, fursatlar gʻanimat ekanini anglab yetganimiz emasmi?!
Mana shu holatning natijasi ham totli boʻladi. Demoqchimizki, Parijdagi gʻalabalarimizning milliy davlatchiligimiz rivojiga yanada shijoat bagʻishlaydigan jihatlari bor.
Birinchidan, gʻalabalar xalqni ruhlantiradi.
Ikkinchidan, jamiyatda ahillik hissini mustahkamlab, yurtdoshlarimizni birlashtiradi.
Uchinchidan, mamlakatda yoshlik shijoati va kuch-gʻayrat muhitini yuksaltiradi.
Shu oʻrinda yana bir mulohazani aytmasak boʻlmas. Toʻgʻri, paralimpiyachi sportchilarimizning jismoniy imkoniyatlari cheklangan yoki koʻrish qobiliyati ojizdir, ammo ular butun dunyoning ochiq koʻzlarini oʻziga qarata oldi. Ularni dunyo ahli tomosha qildi, koʻrdi, havaslandi.
Bir soʻz bilan aytganda, “Parij — 2024” musobaqalarida bizning sportchilarimiz dunyo kahkashoniga oʻzbek millati, temuriylar, boburiylar avlodlari kelayotgani, ular koʻp ishlarga qodirligini, Prezidentimiz saʼy-harakatlari bilan Markaziy Osiyo mintaqasida birdamlik, hamjihatlik, azaliy qardoshlik muhiti qaror topganini baralla koʻrsatdi. Sport ana shu jihatlari bilan ham zavqli va ahamiyatlidir.
Ishonamizki, Parij natijalari biz uchun marra emas. Vaqt musoada etsa, hali bundanda muhim gʻalabalarga erishamiz. Eng muhimi, mashaqqatli dovondan oʻtib oldik. Biz koʻzlagan Uchinchi Renessans hodisasining mana shunday yorqin mujdalari barchamizga muborak boʻlsin!
Salim DONIYOROV