Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodida “Goʻroʻgʻli” turkumiga kiruvchi dostonlar yuzdan oshadi. Turkumlikning katta bir qismini Goʻroʻgʻlining oʻzi hamda Avazxon, Nurali haqidagi dostonlar tashkil etadi.
Bu dostonlarda koʻproq Avaz va uning farzandlari, Ahmad sardor oʻrtasidagi azaliy ziddiyatlar haqida hikoya qilinadi. Shuning uchun ham “Malla savdogar” va “Goʻroʻgʻlining safari” qaysidir darajada bir-birini toʻldiruvchi dostonlar hisoblanadi.
“Malla savdogar” dostonining hozirgacha bir necha variantlari nashr etilgan. Bu variantlar har bir baxshining dunyoqarashi, epik tafakkuri, mahorati jihatidan bir-biridan farq qiladi.
Oʻzbekiston xalq baxshisi Qahhor baxshi Rahimovdan yozib olingan “Malla savdogar” hamda ilk marta nashr yuzini koʻrayotgan “Goʻroʻgʻlining safari” dostonlari oʻz ijro usuli, ohangi bilan boshqa dostonlardan farqlanib turadi. Ushbu dostonlar bugungi jonli ijro jarayonidan yozib olinganligi, unda qahramonlik, vatanparvarlik gʻoyalari yuksak pardalarda kuylangani muhim ahamiyatga ega.








