Goʻsht, kartoshka va oʻsimlik yogʻi uchun QQS imtiyozlari yana 4 oyga uzaytirilishi mumkin

    Ijtimoiy hayot 24 Dekabr 2021 2656

    Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importi va realizatsiyasi uchun qoʻshimcha qiymat soligʻi (QQS) berilgan imtiyozlar muddati uzaytirilishi mumkin. Hukumat tegishli qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritdi.

    Deputat Doniyor Gʻaniyevning yozishicha, u Byudjet loyihasi muhokamasi davomida hukumat vakillari, jumladan bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorovdan imtiyozlarni uzaytirish masalasini koʻrib chiqishni soʻragan.

    Qonun loyihasiga asosan 2022-yil 30-aprelga qadar quyidagilar QQSdan ozod qilinadi:

    - Oʻzbekiston hududiga oʻsimlik yogʻi, kungaboqar va zigʻir urugʻi, shuningdek soya danagini olib kirish;

    - oʻsimlik yogʻini (paxta yogʻidan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma;

    - goʻsht (mol, qoʻy, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni soʻyishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek ularni mamlakat hududiga olib kirish.

    Doniyor Gʻaniyevning soʻzlariga koʻra, goʻsht, yogʻ va kartoshka mahsulotlari aholi isteʼmol savatchasi tarkibida yuqori vaznga ega ekanligi inobatga olinsa, ushbu mahsulotlar narxlarini barqaror saqlanishi boshqa isteʼmol tovar va xizmatlar narxlari oʻsish surʼatlarini pasaytirishga ham ijobiy taʼsir qiladi.

    “Oʻylaymanki, hukumat tomonidan koʻrilayotgan ushbu fiskal choralar bozorlarimizda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini nafaqat barqaror saqlashga, balki ularni pasaytirishga hamda aholini ushbu mahsulotlarga boʻlgan talabini toʻlaqonli qondirishga xizmat qiladi. Mazkur qonun loyihasi kelgusi parlament yalpi yigʻilishida deputatlar tomonidan koʻrib chiqilib, maʼqullanadi hamda Senatga yuboriladi”, - deya qoʻshimcha qilgan deputat.