«Marmarobod» MCHJ klasterning asosiy boʻgʻini, yaʼni tabiiy toshlarni qazib olib, barcha qayta ishlovchilarni zarur xom-ashyo bilan taʼminlovchi korxona etib belgilandi.

«Marmarobod» MCHJ hududida maydoni 11000 kv.m. (100m*114m) boʻlgan asosiy bino va yana 10 ta kichik loyiha binolari qurilishi yakunlandi.

Bankning 4 mln dollarlik imtiyozli mablagʻlari hisobiga Xitoy davlatidan zamonaviy uskunalar 2019-yil oktyabr-noyabr oylarida toʻliq keltirildi hamda montaj qilindi. Uskunalar yillik quvvati 70 ming kub tosh qazib olish va 1,2 mln metr kv toshni qayta ishlashga moʻljallangan.

Hozirgi kunda «Marmarobod» MCHJga tegishli 2 ta karyerda (Pashshot, Pargʻat) yangi uskunalarda granit toshlarni zamonaviy usullarda qazish ishlari olib borilmoqda. Shu kungacha 15 000 kub metr tabiiy toshlar qazib olindi.

Karyerlarda ochish ishlari olib borilayotganligi sababli hozirda kunlik qazilgan 100 kub toshdan 50 kub yaroqli tosh olinmoqda. Karyerlar toʻliq ochilishi bilan (oktyabr) karyerlardan kuniga 200 kub, oyiga 6000 kub, yiliga 72 000 kub tosh qazib olish rejalashtirilgan.

Xitoydan 4 ta malakali injener-mutaxassislar jalb qilinib, ular tomonidan yangi uskunalar montaj qilindi hamda mahalliy yoshlar uskunalarda ishlashga oʻrgatildi.

Bank mablagʻlari hisobidan 10 ta ishlab chiqarish binolari (xar biri oʻlchami 20m*48m) qurilishi yakunlandi. Ushbu binolarga uskunalar imtiyozli kreditlar asosida keltirilib, loyiha ishga tushgach ular 10 ta mahalliy tadbirkorga tayyor biznes sifatida sotiladi.

Sentyabr oyida Oʻzmilliybankning barcha viloyat boʻlimlarida “Tabiiy toshlarni sotish ofislari” tashkil qilinib, toshlarni sotib olish boʻyicha bankning yangi kredit mahsulotlari va mexanizmlari ishlab chiqiladi.

Sentyabr oyida Toshkent (Oʻrikzor dahasi) va Samarqand shaharlarida «Marmarobod» MCHJ koʻrgazma zallarini (show room) ochildi.