Sobiq “Inturist” madaniy-axborot markazining binosi (manzili: Mirzo Ulugʻbek tumani, Istiqlol koʻchasi, 47 uy) 1987-yilda qurilgan boʻlib, mustaqillik yillarida ushbu binoda Oʻzbekiston turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining idorasi joylashgan edi.

Toʻliq rekonstruksiyadan soʻng, yangi majmuada birdaniga ikkita yangi madaniyat muassasalari - Fransiya madaniy markazi va madaniy meros obyektlarini tiklash markazi joylashtirilishi rejalashtirilgan. Kelajakda Jamgʻarma ofisi ham ushbu binodan oʻrin oladi.

Majmuada ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi, bundan tashqari, bu yerga nafaqat restavratorlar, balki, etnograf olimlar, tarixchilar va sanʼatshunoslar ham jalb qilinadi. Ushbu jarayon ochiq rejimda amalga oshirilib, tiklash ishlarini kuzatish, yoki ushbu kasbni malakali mutaxassislardan oʻrganish ham mumkin boʻladi.

Aynan shu binoda jahon talablariga javob bera oladigan zamonaviy kinoteatr va barcha xohlovchilar uchun ochiq kafe ham ishga tushiriladi. Tarix va zamonaviylik uygʻunligining natijasida yoshlar muzey biznesiga jalb qilinadi, undan tashqari, nafaqat Oʻzbekistonda, balki, butun dunyoda talabga javob beradigan restavratorlarning yangi avlodi paydo boʻlishiga erishiladi.

Binoning dizayn loyihasi Grace byurosi asoschilari Yekaterina Golovatyuk va Giasomo Santoni tomonidan yaratilgan. Meʼmorning soʻzlariga koʻra, Toshkentdagi loyihaning asosiy vazifalaridan biri bu binodan oʻrin olgan barcha detallarni maksimal darajada saqlab qolishdir. Loyihada binoning fasad qismiga alohida eʼtibor qaratilgan. Asl qiyofani saqlab qolish, maydonni kengaytirish va koʻproq funksional imkoniyatlar uchun yangi gʻoyalar va yuqori texnologiyali materiallar, shu jumladan, shaffof shisha tolali panjaralar qoʻllaniladi, bu esa mavjud gʻishtli ishlanmalarni iqlim omillari taʼsiridan himoya qiladi.

Jamgʻarma ijrochi direktori Gayane Umerovaning soʻzlariga koʻra Fransiyadagi Milliy tiklanish markazi bilan Jamgʻarma oʻrtasida Oʻzbekistonda tiklash markazini tashkil etish boʻyicha Fransiya mutaxassislar bilan koʻmak-maslahatlashuv memorandumi imzolandi. Shuningdek, 2022-yilda Parijning Luvr muzeyida Oʻzbekistondagi 300 dan ortiq eksponatlar namoyish etiladigan koʻrgazma oʻtkazish ham rejalashtirilmoqda.