Greta Tunberg va yuzlab eko-faollar Shvetsiyani iqlim siyosati uchun sudga berishdi

    Yashil sayyora 26 Noyabr 2022 1582

    Shvetsiyalik faol Greta Tunberg va Auroras yoshlar ekologik harakatining 600 dan ortiq a'zosi SHvetsiya ustidan hukumatning iqlim siyosati yuzasidan sudga murojaat qildi. Bu haqda Tunberg Twitter sahifasida ma'lum qildi.

    Da'vo arizasida Shvetsiyaning iqlim siyosati uning konstitutsiyasi va Inson huquqlari bo'yicha Evropa konventsiyasini buzayotganligi qayd etilgan, deb yozadi Bloomberg.

    "Shvetsiya davlati hozirgi va kelajak avlodlar uchun qulay muhit yaratilishiga olib keladigan barqaror rivojlanishga ko'maklashish bo'yicha konstitutsiyaviy talabni bajarmayapti", — deyiladi arizada.

    Faollar o'z talablarini norozilik marshi bilan qo'llab-quvvatladi, fotosuratlar Tunberg ijtimoiy tarmoqlarida e'lon qilindi.

    "Bizda iqlim va ekologik inqiroz oqibatlaridan uzoq muddatli himoyani ta'minlaydigan qonunlar yo'q, ammo biz mavjud imkoniyatlardan foydalanib, inqirozga uchraganimiz haqida xabardorlikni oshirish va buni o'zgartirishga harakat qilishimiz kerak", — deydi Tunberg Shvetsiyaning Dagens Nyheter gazetasiga bergan interv`yusida.

    Bloomberg ma'lumotlariga ko'ra, atrof-muhit faollari allaqachon boshqa mamlakatlar hukumatlariga qarshi huddi shunday da'volar bilan chiqishgan. Xususan, 2019 yilda Niderlandiya sudi hukumatni global isish oqibatlarini yumshatish bo'yicha chora-tadbirlar ko'rishi shart degan qarorga kelgan.

    Ma'lumot o'rnida, 2017 yilda Shvetsiya iqlim to'g'risidagi qonunni qabul qilgan, unga ko'ra hukumat 2045 yilgacha issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va uglerod neytralligiga erishish ustida ishlashi talab etiladi.