Muzokaralar chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada faollashtirish va kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston va Gretsiya korxonalarining ishlab chiqarish salohiyatini hisobga olgan holda oʻzaro savdo hajmini oshirish va uning nomenklaturasini kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Tomonlar Oʻzbekiston va Gretsiya ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalarni qoʻllab-quvvatlashga, jumladan, kichik va oʻrta biznes vakillarini iqtisodiy hamkorlik jarayonlariga keng jalb etishga boʻlgan oʻzaro qiziqishlarini tasdiqladi.

Gretsiya tomoni ushbu mamlakat yirik kompaniyalarining Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirishda, jumladan, energetika sohasi loyihalarida ishtirok etishga qiziqayotgani haqida maʼlumot berdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin vaqt ichida iqtisodiy va texnik hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Gretsiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi uchinchi yigʻilishini Toshkentda oʻtkazishga, shuningdek, uning doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum tashkil etishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.