— Kasallikning oldini olishda tanani chiniqtirish, badantarbiya bilan muntazam shugʻullanish, ochiq havoda yurish, oʻz vaqtida ovqatlanish alohida ahamiyatga ega.
Sovuq kunlarda issiq kiyinish, albatta bosh kiyim kiyish, oyoqlarni issiq boʻlishi muhimdir. Kasallik avj olgan paytda, ayniqsa, bugungidek kasallik koronavirus pandemiyasi fonida kechayotgan vaziyatda barcha fuqarolarimizga niqob taqish tavsiya etiladi.
Oʻzingiz va atrofdagilar sogʻlom boʻlishini xohlasangiz, gripp va oʻtkir respirator kasalliklariga gumon qilinsa, darhol shifokorga murojaat qiling va doimo quyidagilarga amal qiling:
Gripp va oʻtkir respirator virusli infeksiya (OʻRVI) bilan ogʻrigan barcha bemorlar isitma davrida, albatta, yotishi va shifokorni uyiga chaqirishi;
Kasallikni oyoqda oʻtkazmaslik;
Shifokor maslahatlari va tavsiyalari asosida ish tutish;
Agar bemor uy sharoitida davolansa, unga alohida xona, idish, sochiq, oʻrin-koʻrpa ajratilib, kam harakat qilish;
Bemorga qarayotganlar burun va ogʻizlarini respirator yoki dokali niqob bilan toʻsishlari va qoʻllarini tez-tez sovunlab yuvib turishlari;
Bemor yotgan xonani tez-tez shamollatib, namli tozalov ishlarini amalga oshirish;
Yoʻtalganda va aksirganda ogʻiz-burninni roʻmolcha bilan yopishni.
Bemorlar koʻproq suyuqlik — quruq mevalar qaynatmasi, meva sharbatlarini ichirish hamda oson hazm boʻladigan oqsil va vitaminlarga boy taomlarni isteʼmol qilinishi tavsiya etiladi.
Oʻzboshimchalik bilan davolanish kasallikning ogʻir asoratlarga olib kelishini unutmaslik kerak.
Shu bois, sogʻligimizga boʻlgan masʼuliyatni chuqur his qilgan holda, mavsumiy kasalliklardan ehtiyot boʻlaylik.