Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev hamda Gruziya Bosh vaziri oʻrinbosari, iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Levan Davitashvili raisligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda tegishli vazirlik va idoralar, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda investitsiyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Hukumatlararo muloqot doirasida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oʻsishining ijobiy tendensiyasi qayd etildi. Oxirgi 6 yil ichida ikki davlat oʻrtasidagi tashqi savdo aylanmasi qariyb ikki barobar oshdi. Birgina oʻtgan yilning oʻzida Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizdan ortiq oshdi. Tomonlar yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazishga kelishib oldilar. Ushbu maqsadga erishish uchun ikki hafta muddatda oʻzaro savdo missiyalarini, shuningdek, ikki davlat sanoat mahsulotlari koʻrgazmalarini tashkil etish chora-tadbirlarini qamrab olgan 2023-2024-yillarga moʻljallangan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash taklif etildi.
Hududlararo munosabatlarni mustahkamlash haqida soʻz borar ekan, Gruziya va Oʻzbekistonning barcha hududlarini qoʻshma loyiha va tashabbuslarga jalb etib hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shu munosabat bilan birinchi bosqichda Samarqand va Batumi, shuningdek, Buxoro va Mtsxeta oʻrtasida ikki tomonlama sheriklik aloqalarini oʻrnatish taklif etildi.
Tomonlar sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish dolzarbligini, uning doirasida ilgʻor farmatsevtika mahsulotlari, tayyor qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, mineral oʻgʻitlar, shuningdek, alkogolli ichimliklar ishlab chiqarish boʻyicha klasterlar yaratish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.
Tadbirda transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xususan, Boku -Tbilisi -Kars transport yoʻlagi va Gruziyaning rivojlangan Qora dengiz porti infratuzilmasidan foydalanishni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi
Tadbir yakunlari boʻyicha qator ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, yigʻilishning Yakuniy bayonnomasi, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Hukumati oʻrtasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga (JST) qoʻshilishi doirasida Gruziya va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida tovar va xizmatlar bozoriga chiqish boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash toʻgʻrisidagi Bayonnoma imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.