Gruziya portlari Oʻzbekiston uchun Yevropa va Amerikaga yoʻl ochadi

    Transport 20 Fevral 2023 1621

    Oʻzbekiston yuklarini Poti va Batumi portlari orqali uzluksiz tashuvlarini taʼminlash choralari koʻrilyapti.

    Joriy yil 15–17-fevral kunlari Transport vaziri oʻrinbosari Abdusamat Moʻminov boshchiligidagi Ishchi guruhning Gruziyaga tashrifi davomida mamlakat Iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vazirligi, “Gruziya temir yoʻllari” AJ, Poti va Batumi portlari rahbariyati, portdagi xususiy terminal vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

    Gruziyaning Iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri oʻrinbosari Guram Guramishvili bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekistonning eksport va import yuklarini Gruziya portlari orqali Yevropa va Amerika qitʼasi davlatlariga tashuvlarini uzluksiz tashkil etish masalalari muhokama etildi.

    Uchrashuvda shuningdek, yuk tashuvlar xarajatini va muddatini qisqartirish, tarif imtiyozlarni kengaytirish bilan bogʻliq jihatlar koʻrib chiqildi.

    Tomonlar Poti va Batumi portlari infratuzilmasidan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashdi. Uchrashuvlarda muhokama etilgan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida tomonlar kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.