Gruziyadan tashrif buyuradigan turistlar oqimi oshiriladi

    Turizm 14 Iyul 2023 1182

    Shu kunlarda Madaniyat va turizm vazirligi vakillari turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida Gruziyaning Tbilisi shahrida boʻlib turibdi.

    Vazirlik mutaxassislari Gruziyaning Milliy turizm administratsiyasi rahbariyati bilan uchrashib, xorijlik rasmiyga Oʻzbekistonning turizm salohiyati, sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mavjud transport-logistika toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berdi.

    Tomonlar 2023-yil sentyabr oyida Gruziya turoperatorlari, OAV vakillari, blogerlar ishtirokida Oʻzbekistonning turizm tashrif obyektlari boʻylab info-tur hamda B2B uchrashuvlari tashkil etish boʻyicha kelishib oldi.

    Shu bilan birga, Oʻzbekistonda ichki turizmni tashkil etish va bu borada aniq statistika yuritish boʻyicha tajriba almashinish belgilandi.

    Milliy turizm administratsiyasi Gruziya shaharlarida Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib etish maqsadida roud-shou tashkillashtirishda amaliy yordam koʻrsatishini bildirdi, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun, 2023-yil 6 oyida mamlakatimizga Gruziyadan kelgan sayyohlar soni oʻtgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda ikki barobarga ortgan.