Zavod ishga tushishi bilan, boshqa mahsulotlar qatorida sintetik kerosin mahsuloti ishlab chiqarilishi boshlanadi. Hozirgi kunda ushbu yoqilg‘i neft xomashyosi negizida olingan «Jet A-1» aviakerosini bilan 50 foizgacha bo‘lgan proporsiyadagi aralashmasi fuqarolik aviatsiyasida qo‘llanilishiga ruxsat berilgan.

 «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev tashabbusi bilan, ushbu masalalarni keng muhokama qilish maqsadida «Uzbekistan Airways» AJ raisi birinchi o‘rinbosari Umid Husanov boshchiligida «Uzbekistan Airports» AJ va Transport vazirligi huzuridagi fuqaro aviatsiyasi agentligi mas'ul xodimlari ishtirokida muzokaralar o‘tkazildi.

Muzokaralar davomida «Tozalangan metan gazi negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish» loyhasi doirasida ishlab chiqariladigan sintetik kerosin mahsuloti, uning afzalliklari va qo‘llanish usullari xaqida batafsil ma'lumot berib o‘tildi.

«Uzbekneftegaz GTL» zavodi ishga tushgandan so‘ng sintetik kerosin yoqilg‘isi «Buxoro» neftni qayta ishlash zavodida an'anaviy aviayoqilg‘i bilan aralashtirilib «ASTM D7566» standartiga muvofiq yarim sintetik «Jet A-1» aviayoqilg‘isini ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu mahsulot respublikamizning ichki mahalliy va xalqaro aviaqatnovlar ehtiyoji uchun yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Hozirgi kundagi iqtisodiyotning jadal o‘sishi, odamlarning turmush tarzi yaxshilanishi va dunyoda pandemiya oqibatidagi cheklovlarning yumshatilishi aviayoqilg‘ining nafaqat ichki iste’moli, balki xalqaro aviaqatnovlarga xizmat ko‘rsatishda ham yoqilg‘i mahsulotlariga talab oshishiga olib kelmoqda.

Ushbu talablarni o‘z vaqtida qondirish, sifatli va import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi tomonidan qo‘yilgan asosiy vazifalardan etib belgilangan.

Ushbu yo‘nalishda «Uzbekneftegaz GTL» zavodi, «Buxoro» neftni qayta ishlash zavodi va aviayoqilg‘i iste’molchilari, ya’ni «Uzbekistan Airways» AJ va «Uzbekistan Airports» AJ tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar keng muhokama qilindi va bajariladigan ishlar yuzasidan chora-tadbirlar yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Tomonlar Respublika manfaati uchun ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish va iste’molchilarga sifatli mahsulot va xizmatlarni yetkazishda birgalikda va hamjixatlikda ish olib borishga kelishib olindi, deb xabar beradi «O‘zbekneftegaz» AJ matbuot xizmati.

Ma'lumot uchun, 2010-yil 73-sonli «IATA» yillik umumiy yig‘ilishida 2050-yilga kelib 2005-yilga nisbatan aviatransport chiqindilarini 50 foizga kamaytirish bo‘yicha Rezolyusiyasi qabul qilingan.

Shu o‘rinda xalqaro tadqiqotlar va ilmiy-amaliy ishlar natijasida, sintetik kerosin aralashmasidan hosil bo‘lgan yarim-sintetik tayyor «Jet A-1» aviayoqilg‘isi atrof-muhitni zararlantirish darajasi, an’anaviy neft xomashyosi negizida olingan «Jet A-1» aviayoqilg‘isi bilan solishtirganda 40 foizgacha kam chiqindilar hosil qilishi aniqlangan.