Ushbu topshiriqqa binoan 9 ta tibbiyot muassasasi, ya'ni viloyat ko'p tarmoqli tibbiyot markazi, kardiologiya va endokrinologiya dispanserlari, ko'z kasalliklari shifoxonasi, diagnostika markazi, qon quyish stantsiyasi, sud tibbiy ekspertiza byurosi, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali yagona boshqaruv asosida boshqarilishi belgilandi.

Kuni kecha viloyatga Qurilish va Sog'liqni saqlash vazirliklari, “O'ztibloyiha” MCHJ, arxitektura boshqarmasi, YAgona buyurtmachi injenering kompaniyasi viloyat bo'limi vakillari hamda Surxondaryo, Namangan, Farg'ona, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari sog'liqni saqlash boshqarmalarining umumiy iqtisodiy masalalar bo'yicha o'rinbosarlaridan iborat bo'lgan loyihachilar guruhi tashrif buyurib, barpo etilishi ko'zda tutilgan “Guliston tibbiyot klasteri” binosi loyihasini muhokama qilishdi.

Loyihaga ko'ra, mavjud qurilishi ko'zda tutilgan bino 6 qavatdan iborat bo'lib, 580 o'ringa mo'ljallanadi. Bunda barcha bo'limlar, diagnostika va laboratoriya tekshiruvlar markazlashib, bitta bino ichida joylashadi. Boshqaruv tizimi takomillashib, shtat birliklari maqbullashtiriladi. Bu orqali tibbiyotda innovatsiya va biotexnologiya ishlari uchun yo'l ochiladi. Qolaversa, tibbiy yordamni tashkil etishning uchinchi darajali modeli yaratilib, endovaskulyar xirurgiya, kardioxirurgiya, transplantatsiya xizmatlari keng yo'lga qo'yiladi.
Sirdaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati